Logo

AQSH davlat qarzi tarixda ilk bor 40 trln dollardan oshdi

Bugun 15:162 daqiqa

Tramp 2016-yildagi ilk prezidentlik kampaniyasi vaqtida AQSH 19 trln dollarlik qarzdan qutulishi kerakligini va buni «sakkiz yil ichida», ya’ni ikki prezidentlik muddati davomida amalga oshira olishini aytgan edi. Biroq amalda davlat qarzi nafaqat kamaymadi, balki o‘sishda davom etdi. 2030-yilga borib mamlakatning davlat qarzi urushdan keyingi rekordni yangilab, YAIMning 108 foiziga, 10 yildan keyin 120 foizga yetishi mumkin.

AQSH davlat qarzi tarixda ilk bor 40 trln dollardan oshdi © Sinxua

AQSH davlat qarzi rekord darajadagi 40 trln dollardan oshdi. Bu haqda Qo‘shma Shtatlar Moliya vazirligi xabar berdi.

Qarz miqdori bundan atigi besh oy oldin 39 trln dollardan oshgan edi. «Financial Times» nashri ta’kidlashicha, AQSH davlat qarzi so‘nggi yigirma yil ichida moliyaviy inqiroz va COVID-19 pandemiyasi sabab 6 trln dollardan kam miqdordan hozirgi darajaga yetgan. Nashrning yozishicha, faqat so‘nggi 10 yilning o‘zida umumiy qarz yuki ikki baravarga oshgan.

AQSH Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, federal hukumatdan tashqarida joylashgan investorlar oldidagi qarz 32 trln dollardan oshgan. Bu AQSH iqtisodiyoti hajmiga taxminan teng.

May oyida «Fox Business News» Iqtisodiy tahlil byurosi ma’lumotlariga tayanib, AQSH davlat qarzi Ikkinchi jahon urushidan beri ilk bor mamlakat iqtisodiyoti hajmidan oshgani haqida xabar bergan. Kongressning mustaqil budjet boshqarmasi prognoziga ko‘ra, 2030-yilga borib AQSH davlat qarzi urushdan keyingi rekordni yangilab, YAIMning 108 foiziga yetadi. Shuningdek, prognozlarga ko‘ra, 10 yildan keyin davlat qarzining YAIMga nisbati 120 foizga yetishi mumkin.

Mart oyida Federal zaxira tizimi rahbari Jerom Pauell AQSH davlat qarzining hozirgi darajasi boshqariladigan holatda qolayotganini aytgan. Biroq federal qarz olish hajmining kelajakdagi o‘sishi xavotir uyg‘otayotganini ta’kidlagan.

«Bizning qarzimiz YAIMga qaraganda ancha tez o‘smoqda. Federal hukumat qarzi iqtisodiyotimizdan sezilarli darajada tezroq oshmoqda. Uzoq muddatli istiqbolda bu, ma’lum ma’noda, barqaror emaslikning o‘ziga xos ta’rifidir», — degan u.

Donald Tramp 2016-yildagi ilk prezidentlik kampaniyasi vaqtida AQSH 19 trln dollarlik qarzdan qutulishi kerakligini va buni «sakkiz yil ichida», ya’ni ikki prezidentlik muddati davomida amalga oshira olishini aytgan edi. Biroq amalda davlat qarzi nafaqat kamaymadi, balki o‘sishda davom etdi.

2026-yilning fevral oyida Tramp davlat qarziga qaramay, AQSHda iqtisodiy o‘sish ham kuzatilayotganini ta’kidladi.

«Bu o‘sish tez orada qarzni juda kichik ko‘rinishga olib keladi», — degan respublikachi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH O‘zbekistonda moliyaviy shaffoflik yetarli emasligini qayd etgandi.

Teglar

Mavzuga oid