Logo

«Bu biz uchun qiziq emas»: Shimoliy Koreya AQSH prezidenti bayonotiga keskin javob qaytardi

Kecha 21:252 daqiqa

Tramp Janubiy Koreya bilan harbiy mashqlarni qisqartirdi, ammo Pxenyan buni yaxshi niyat belgisi sifatida qabul qilishdan bosh tortdi.

«Bu biz uchun qiziq emas»: Shimoliy Koreya AQSH prezidenti bayonotiga keskin javob qaytardi

Shimoliy Koreya AQSH prezidenti Donald Trampning Janubiy Koreya bilan qo‘shma harbiy mashqlarni qisqartirish qarorini ahamiyatsiz deb baholadi.

«The New York Times» yozishicha, Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inning singlisi va nufuzli maslahatchisi Kim Yo Chjon qisqartirilgan mashqlar ham Pxenyan uchun «provokatsion va tajovuzkor harakat» bo‘lib qolishini bildirdi.

«Agar AQSH o‘zining so‘nggi choralari yaxshi niyat ifodasi sifatida qabul qilinishidan umid qilsa, ular istagan javoblarini ololmaydi. Bu biz uchun qiziq emas»,— dedi Kim Yo Chjon.

U Trampning Kim Chen In uning murojaatiga javob qaytargani haqidagi bayonotini ham rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Pxenyan va Vashington o‘rtasidagi bunday muloqot haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.

Mashqlar erta yakunlandi

Bayonot Pentagon AQSH va Janubiy Koreyaning qo‘shma harbiy mashqlari rejalashtirilgan muddatdan bir hafta oldin yakunlanganini e’lon qilganidan keyin yangradi.

AQSHning mintaqadagi ittifoqchilari bu mashqlarni harbiy tayyorgarlik va tiyib turish siyosati uchun muhim deb hisoblaydi. «The New York Times» nashriga ko‘ra, Trampning mashqlarni qisqartirish qarori Janubiy Koreyaning Eronga qarshi urushga qo‘shilishdan bosh tortganiga javob sifatida ham baholangan.

Tramp shuningdek, joriy yil oxiriga qadar Kim Chen In bilan uchrashishni kutayotganini bildirgan. Biroq Pxenyanning so‘nggi bayonoti bunday uchrashuvga tayyorgarlik borasidagi kutilmalarni savol ostiga qo‘ymoqda.

Trampdan signal

16-avgust kuni Tramp Pentagon rahbari Pit Xegsetga AQSH va Janubiy Koreya qo‘shma harbiy mashqlari ko‘lamini qisqartirishni topshirganini aytdi.

U Kim Chen In bilan «juda yaxshi munosabatlar»ga ega ekanini ta’kidlab, avvaldan kelishilgan mashqlar Shimoliy Koreyaga «mutlaqo noo‘rin dushmanlik signali» yuborayotganini bildirdi.

Trampning fikricha, uning prezidentligi davrida Shimoliy Koreya AQSH uchun tahdid tug‘dirmagan. Ammo Kim Yo Chjonning javobi Pxenyan Vashingtonning harbiy mashqlarni qisqartirishini munosabatlarni yaxshilash uchun yetarli qadam deb hisoblamayotganini ko‘rsatdi.

Teglar

Mavzuga oid