Buxoroda 900 ta «yopilgan» korxona ikki oyda 1,3 mln kVt-soat tok ishlatdi

Bugun 17:352 daqiqa

«Ko‘kdala tajribasi» asosida 19 ta tuman-shaharda davlat idoralarini yagona ma’muriy markazga ko‘chirish boshlanmoqda.

Buxoroda 900 ta «yopilgan» korxona ikki oyda 1,3 mln kVt-soat tok ishlatdi © Президент матбуот хизмати

Buxoro viloyatida o‘tgan yili faoliyatini go‘yoki to‘xtatgan 900 dan ziyod korxona yanvar-fevral oylarida 1 million 300 ming kilovatt-soat elektr, 480 ming kub metr gaz ishlatgani aniqlandi. Bu haqda bugun, 24-aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan birinchi chorak ko‘rsatkichlarini tarmoq va hududlar kesimida tanqidiy tahlil qilish va yilning qolgan davrida qilinadigan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

O‘tgan yili yashirin iqtisodiyot bo‘yicha alohida farmon imzolanib, bu masalaga qattiq kirishildi. Lekin birinchi chorakda kuzatilmaydigan iqtisodiyot Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Xorazmda 40 foizdan, Andijon, Farg‘ona, Buxoroda 30 foizdan yuqori bo‘ldi.

Buxoro viloyatidagi holat tahlil qilinganda, o‘tgan yili faoliyatini go‘yoki to‘xtatgan 900 dan ziyod korxona yanvar-fevral oylarida 1 million 300 ming kilovatt-soat elektr, 480 ming kub metr gaz ishlatgani aniqlandi. Shuningdek, 12,5 mingta transport vositasida yuklar norasmiy tashilgani oqibatida 40 milliard so‘m soliq tushumi boy berilgan. Birinchi chorakning o‘zida uy-joy narxini kamaytirib ko‘rsatish oqibatida 1 trillion 800 milliard so‘mlik pul aylanmasi yashirilgan.

Viloyat prokurorlari, ichki ishlar va soliq boshqarmalariga xufiyona iqtisodiyot bilan kurashishda ishni qanday tashkil qilish bo‘yicha aniq metodologiya qilib berildi. Endi barcha hududlarda ishni shu tartibda tumanbay tashkil qilish topshirildi.

Ko‘kdala tajribasi

Tumanlardagi markaziy ko‘cha, aholi gavjum joylarning katta qismida davlat idoralari joylashgan. «Ko‘kdala tajribasi» asosida 19 ta tuman-shaharda davlat idoralarini yagona ma’muriy markazga ko‘chirish boshlanmoqda. Lekin qolgan hokimlar o‘zi tashabbus ko‘rsatib, idoralarni bitta binoga olib kelib, elektr, gaz, suv va ta’mirlashga ketadigan xarajatini tejash, tayyor infratuzilmasi bor joylarni tadbirkorlarga taklif qilishni o‘ylamayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Vaholanki, shuning o‘zidan davlat idoralarida yiliga 1 milliard 800 million kilovatt-soat elektr va 340 million kub metr gaz tejaladi. Bu ishlarni barcha tumanlarda tashkil qilish orqali biznes uchun 5 million kvadrat metr joy ochish bo‘yicha besh yillik dastur tayyorlash topshirildi. Joriy yil 26 ta tumanda davlat idoralarini bir joyga ko‘chirish boshlanishi shartligi qayd etildi.

Yangi ma’muriy markazlar qurishda har bir xodimga to‘g‘ri keladigan maydon o‘rtacha 15 kvadrat metrdan oshmasligini ta’minlash topshirildi.

Teglar

Mavzuga oid