Qiziriq tumani va Zarafshon shahri hududi kengaytiriladi

Mazkur masala yuzasidan qaror loyihasi deputatlar tomonidan ma’qullangan.

Qiziriq tumani va Zarafshon shahri hududi kengaytiriladi

Qonunchilik palatasining 21-apreldagi yig‘ilishida deputatlar Surxondaryo viloyati Qiziriq tumani va Navoiy viloyati Zarafshon shahri hududlari kengaytirish masalasini ko‘rib chiqdi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar qildi.

Loyihaga ko‘ra, Jarqo‘rg‘on tumanidan 4 740 gektar yer maydonini Qiziriq tumani tarkibiga o‘tkazish nazarda tutilmoqda. Bu tumanlarni iqtisodiy jihatdan boshqarish, 731 ta oilada istiqomat qiluvchi 4230 nafar aholining turmush sharoitlarini yanada yaxshilash, ularni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga zamin yaratadi. Qishloq xo‘jaligi, ayniqsa, chorvachilikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, Qiziriq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiy ettirishga xizmat qiladi.

Majlisda chegaralarga o‘zgarishlar kiritish masalasi tegishli mahalla fuqarolar yig‘inlari, xalq deputatlari Qiziriq va Jarqo‘rg‘on tumanlari Kengashlari hamda viloyat Kengashida muhokama qilinib, chegaralarning kartografik chizmasi va chegaralar chizig‘ining tasnifi ma’qullangani qayd etilgan.

Zarafshon shahri tarkibi

Shuningdek, chegaralarga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bilan Navoiy viloyati Tomdi tumanidan 2459 gektar yer maydoni Zarafshon shahri tarkibiga o‘tkazilishi belgilanmoqda. Uzoq muddatli biznes-rejaga asosan hududda 250 dan ortiq sanoat va ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish, 90 ta ijtimoiy soha obyekti, 500 dan ortiq savdo-maishiy va xizmat ko‘rsatish nuqtalari barpo etish rejalashtirilgan.

Majlisda chegaralarga o‘zgarishlar kiritish masalasi tegishli mahalla fuqarolar yig‘inlari, shuningdek, xalq deputatlari Zarafshon shahri va Tomdi tumani Kengashlari hamda viloyat Kengashida muhokama qilinib, chegaralarning kartografik chizmasi va chegaralar chizig‘ining tasnifi ma’qullangani qayd etildi.

Mazkur masalalar yuzasidan qaror loyihalari deputatlar tomonidan ma’qullandi.

Teglar

Mavzuga oid