934 ta maktab kapital ta’mirga muhtoj – vazir o‘rinbosari
O‘zbekistondagi ayrim maktablarda sport zali va faollar zali ham yo‘qligi aytildi.

O‘zbekistonda bugungi kunda kapital ta’mirga muhtoj 934 ta maktab mavjud. Bu maktablar 669 ming o‘quvchi uchun mo‘ljallangan. Bu haqda bugun, 21-mart kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Temurjon Komilov matbuot anjumanida ma’lum qildi.
«934 ta maktab qizil ro‘yxatimizda. Bu hududlar kesimida ham bor. Bu Qoraqalpog‘istonda 58 ta. Bu uzoq yildan buyon to‘liq ta’mirlanmagan, lekin hozirgi kunda aynan mukammal, kapital ta’mirga ehtiyoji bo‘lgan maktablar», – dedi Komilov.
Shuningdek, mamlakatda faollar zali yo‘q, sportzali yo‘q maktablar (1900 dan ziyod) ham bor. Bundan tashqari, 263 ta hududiy bo‘linmalarda, massivlarda, joylarda hozir yangi maktab qurish kerak.
«Bu yil Islom taraqqiyot bankidan 200 millionlik 58 taloyiha boshlanyapti, 15 tasining tenderini may oyigacha e’lon qilamiz. Yana Osiyo Infratuzilma Investitsiya Bankining loyihasidan 27 tadan hozir «prorabotka» qilyapmiz, o‘tkazyapmiz, 200 ta maktab», – dedi vazir o‘rinbosari.
Shuningdek, u kam sonda bo‘lsa-da, maktab filiallari ham faoliyat ko‘rsatayotganini aytdi. Maktab filiali moslashtirilgan binolarda faqat birinchi sinf yoki birinchi-uchinchi yoki ikkinchi-to‘rtinchi sinf o‘quvchilar o‘qitilayotgan maktablardir.





