«SQB» Burak O‘zchivit uchun qariyb 5 mlrd so‘mlik tender e’lon qildi
«O‘zsanoatqurilishbank» turk aktyori Burak O‘zchivitni brend-ambassador sifatida jalb qilish uchun tender e’lon qildi.

«O‘zsanoatqurilishbank» tomonidan brend-ambassadorlik xizmatlarini tashkil etish bo‘yicha yirik tender e’lon qilindi. Ushbu tanlov doirasida mashhur turk aktyori Burak O‘zchivitni bank brendi ambassadori sifatida jalb qilish rejalashtirilgan.
Tenderning boshlang‘ich qiymati 4,86 mlrd so‘mni tashkil etadi. Tanlov «eng yaxshi takliflarni tanlash» tamoyili asosida o‘tkaziladi.
Tender shartlari
Tender hujjatlariga ko‘ra, brend-ambassadorlik xizmatlari keng qamrovli marketing va PR integratsiyasini o‘z ichiga oladi. Jumladan, kontent ishlab chiqarish qismida Burak O‘zchivitni ikki yilgacha bankning rasmiy ambassadori sifatida jalb qilish, O‘zbekistonda kamida 2 ta lokatsiyada foto va video suratga olish, reklama roliklari tayyorlash hamda barcha materiallarga nisbatan eksklyuziv foydalanish huquqini bangga o‘tkazish nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, aktyor obrazidan bank kartalarida foydalanish rejalashtirilgan.
Kontentdan foydalanish huquqi to‘liq bankka tegishli bo‘lib, uni xalqaro miqyosda ham qo‘llash mumkin.
G‘olib ishtirokchi g‘oliblik e’lon qilingan kundan 5 kun ichida Buyurtmachi hamda mashhur turk aktyori Burak O‘zchivit bilan imzolangan shartnoma (kelishuv) taqdim etish majburiyatini oladi.
To‘lov tartibi
Shartnoma imzolanganidan so‘ng 3 bank ish kuni ichida umumiy summaning 50 foizi oldindan to‘lab beriladi. Qolgan qismi esa ishlar bosqichma-bosqich bajarilishiga qarab to‘lanadi.
Shuningdek, tenderda qatnashish uchun zakalat miqdori ham belgilangan bo‘lib, u bitim summasining 3 foizini tashkil etadi.





