Logo

Dekret va kasallik nafaqasini olish tartibi o‘zgardi

Bugun 11:052 daqiqa

Endi mehnat munosabatlari saqlangan holda ish haqi to‘lanmagan oylar, jumladan o‘z hisobidan olingan ta’til, shuningdek kasallik davri sug‘urta stajining uzilishiga sabab bo‘lmaydi.

Dekret va kasallik nafaqasini olish tartibi o‘zgardi © Zira.uz

O‘zbekistonda homiladorlik va tug‘ish — dekret, shuningdek, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik – kasallik nafaqalarini tayinlash tartibi takomillashtirildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 13-avgustdagi 440-son qarori bilan 6 oylik uzluksiz sug‘urta stajini hisoblash tartibi yengillashtirildi. Endi mehnat munosabatlari saqlangan holda ish haqi to‘lanmagan oylar, jumladan o‘z hisobidan olingan ta’til, shuningdek kasallik davri sug‘urta stajining uzilishiga sabab bo‘lmaydi.

Shuningdek, kam maosh oluvchi va to‘liq bo‘lmagan stavkada ishlovchilar uchun ham sug‘urta staji hisoblanadi. Oylik ish haqi mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining bir baravari va undan ko‘p bo‘lsa 1 oy, bir baravardan kam bo‘lsa yarim oy sug‘urta staji sifatida hisobga olinadi.

Tug‘ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilgan hollarda dekret ta’tili uzaytirilsa, qo‘shimcha nafaqa avvalgi hisob-kitob ko‘rsatkichlari asosida belgilanadi. Bu nafaqa miqdorining asossiz kamayib ketishining oldini oladi. Yangi tartib natijasida qo‘shimcha 3000 ga yaqin ayolda dekret nafaqasini olish huquqi paydo bo‘ladi.

Ushbu o‘zgarishlar 2026-yil 13-maydan boshlab yuzaga kelgan sug‘urta hodisalariga ham tatbiq etiladi.

Agentlikning yozishicha, davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimidagi har bir yangi qadam orqali ko‘proq kishini qamrab olish, past daromadli xodimlar va onalarning huquqini himoya qilish, ortiqcha cheklovlarni kamaytirish hamda nafaqalarni adolatli va shaffof tayinlash imkoniyatlari kengaymoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning yanvar-iyun oylarida 66 mingdan ortiq ayolga jami 772 milliard so‘mlik dekret pullari to‘lab berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid