«Eng yaxshi startap g‘oyasi» tanlovi o‘tkaziladi

Bugun 10:551 daqiqa

2026/2027 o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilar o‘rtasida «Eng yaxshi startap g‘oyasi» tanlovi o‘tkaziladi, tuman darajasidagi g‘oliblarga 5 mln so‘mgacha, viloyat darajasida – 10 mln so‘mgacha miqdorda mukofot puli beriladi.

«Eng yaxshi startap g‘oyasi» tanlovi o‘tkaziladi

«Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori (PQ–59-son, 11.02.2026 y.) qabul qilindi. Hujjatga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab o‘rta maxsus, kasbiy ta’lim muassasalari o‘quvchilari hamda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9–11-sinf o‘quvchilari uchun maxsus tadbirlar yo‘lga qo‘yiladi.

Qarorga asosan, ta’lim muassasalarida har oyda kamida ikki marotaba «Mohirlik va biznes soati» mashg‘ulotlari tashkil etiladi. Ushbu darslar orqali o‘quvchilar startap g‘oya yaratish, biznes model tuzish va bozorga chiqish ko‘nikmalarini egallaydi.

Shuningdek, o‘quvchilar o‘rtasida «Eng yaxshi startap g‘oyasi» tanlovi o‘tkaziladi. Tuman bosqichi g‘oliblari 5 mln so‘mgacha, viloyat bosqichi g‘oliblari esa 10 mln so‘mgacha pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Loyihalar har chorakda ota-onalar, biznes va ilmiy jamoatchilik vakillariga taqdim etib boriladi.

Yana bir muhim yangilik — ta’lim muassasalarida ishlab chiqilgan mahsulotlarni marketpleyslar orqali sotish mexanizmi joriy etiladi. Bu yoshlar g‘oyalarini tijoratlashtirish imkoniyatini kengaytiradi.

Qaror bilan 2026 yil 1-apreldan kraudsorsing asosida muammolarni hal qilish tizimi ham yo‘lga qo‘yiladi. Davlat organlari va davlat ishtirokidagi korxonalar maxsus elektron platformada yechim talab etuvchi masalalarni e’lon qiladi hamda har oy «Startap kuni» uchrashuvlarini o‘tkazadi.

Teglar

Mavzuga oid