Logo

«Ferrari»ning ilk elektromobili kimoshdi savdosida tarixiy rekord o‘rnatdi

Bugun 22:302 daqiqa

«Ferrari» kompaniyasining birinchi to‘liq elektrlashtirilgan avtomobili bo‘lgan yagona nusxadagi «Ferrari Luce» xayriya auksionida rekord darajadagi 40 million dollarga sotildi.

«Ferrari»ning ilk elektromobili kimoshdi savdosida tarixiy rekord o‘rnatdi

«Ferrari» brendining birinchi to‘liq elektrlashtirilgan avtomobilining yagona nusxasi xayriya auksionida 40 million dollarga sotilib, kimoshdi savdolari tarixida yangi avtomobillar bo‘yicha mutlaq rekord o‘rnatdi. Bu haqda «BIZTECH» nashri xabar bermoqda.

Maxsus buyurtma asosida yaratilgan 2026 yilgi «Ferrari Luce» «Tailor Made» rusumli avtomobil Kaliforniyadagi «Monterey Car Week» tadbiri doirasida «RM Sotheby’s» kimoshdi savdosida sotilgan. Xabarlarga ko‘ra, «Chassis 0» (Nolinchi shassi) nomi bilan tanilgan ushbu transport vositasi «Ferrari Luce» dasturining birinchi ishlab chiqarilgan shassisi bo‘lib, Italiya ishlab chiqaruvchisining «Tailor Made» bo‘limi tomonidan maxsus konfiguratsiya qilingan.

«RM Sotheby’s» vakillarining ma’lum qilishicha, 40 million dollarlik savdo «Luce» modelini auksionda sotilgan eng qimmat yangi avtomobilga aylantirdi. Bundan oldingi rekord 2025 yilda aynan shu auksionda 26 million dollarga sotilgan yagona nusxadagi «Ferrari Daytona SP3 Tailor Made» avtomobiliga tegishli edi.

Kimoshdi savdosidan tushgan barcha mablag‘lar «Ferrari Foundation» orqali ta’lim loyihalariga yo‘naltirilishi ma’lum qilindi. Shuningdek, auksion uyi ushbu savdo uchun o‘zining xaridorlik ustamasidan voz kechgan. Hozircha rekord narxdagi avtomobilni sotib olgan xaridorning shaxsi sir tutilmoqda.

Maxsus dizayn va texnik xususiyatlar
Avtomobil yorug‘lik tushishiga qarab yashildan binafsharanggacha tovlanuvchi maxsus ishlab chiqilgan yarim xira marvarid rangli tashqi qoplamaga ega. Shuningdek, uning saloni metall effektli charm bilan qoplangan bo‘lib, maxsus g‘ildirak disklari va o‘ziga xos dizayndagi tormoz kaliperlari bilan jihozlangan.

Nashrning yozishicha, kimoshdi savdosidan so‘ng avtomobil Italiyaning Maranello shahridagi «Ferrari» bosh qarorgohiga qaytariladi va 2027 yilning birinchi choragida yangi egasiga topshiriladi.

Joriy yilning may oyida taqdim etilgan «Luce» modeli «Ferrari» kompaniyasining birinchi to‘liq elektrlashtirilgan avtomobili hisoblanadi va kompaniyaning an’anaviy ichki yonuv dvigatelli sport avtomobillaridan tubdan farq qiladi. To‘rt eshikli va besh o‘rindiqli ushbu avtomobil jami 1050 ot kuchiga ega to‘rtta elektr motori bilan harakatga keltiriladi hamda bir martalik quvvat bilan 530 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘ta oladi.

«Ferrari» ma’lumotlariga ko‘ra, avtomobil 100 km/soat tezlikka 2,5 soniyada erishadi va uning maksimal tezligi 310 km/soatdan oshadi. Avtomobil dizayni «Apple» kompaniyasining sobiq bosh dizayneri Joni Ayv va dizayner Mark Nyuson tomonidan asos solingan «LoveFrom» kreativ studiyasi bilan hamkorlikda yaratilgan.

Teglar

Mavzuga oid