Logo

Google yilning eng ommabop emojisini e’lon qildi

Kecha 08:303 daqiqa

Reytingda «ko‘z yoshlari oqayotgan yuz» (😭) emojisi birinchi o‘rinni egallagan.

Google yilning eng ommabop emojisini e’lon qildi

Google kompaniyasi Android smartfonlaridagi Gboard klaviaturasi orqali butun dunyo bo‘ylab foydalanuvchilar tomonidan kiritilgan 665 millionta emojini tahlil qilib, 2025 yilning eng ommabop smayliklari reytingini e’lon qildi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, reytingda «ko‘z yoshlari oqayotgan yuz» (😭) emojisi birinchi o‘rinni egallagan. U ilgarigi yetakchilar — «quvonch ko‘z yoshlari bilan kulayotgan yuz» (😂) hamda «kulib dumalayotgan yuz» (🤣) smayliklarini ortda qoldirgan.

Ma’lum qilinishicha, 😭 emojisi faqat chinakam qayg‘u yoki xafalikni ifodalash uchun ishlatilmaydi. Yozishmalarda ushbu belgi kulgi, kuchli hayrat, noqulaylik, zavqlanish yoki his-tuyg‘ularning haddan tashqari ko‘pligini anglatishi mumkin. Google tadqiqotchilari ushbu ramz ommabopligining oshishini zumerlarning (Z avlodi) odatlari bilan bog‘lamoqda — bir yil ichida mazkur emodzidan foydalanish 37 foizga oshgan.

O‘smirlar va zumerlar «quvonch ko‘z yoshlari bilan kulayotgan yuz» va «kulib dumalayotgan yuz» belgilarini juda siyqasi chiqqan («zayezjennыmi») deb hisoblab, ularni tobora kamroq tanlamoqda. Mutaxassislarning qayd etishicha, yoshlar eski emodzilarning ma’nosini qayta anglamoqda. Katta avlod vakillari uchun bu ramzlar hamon samimiy kulgini ko‘rsatishning tushunarli usuli bo‘lib qolsa, yosh foydalanuvchilar ko‘pincha dramatikroq yoki absurd variantlarni tanlamoqda.

Eng ommabop o‘ntalik va rekord darajada o‘sgan emojilar

Reytingning kuchli o‘ntaligidan quyidagi emojilar joy oldi:

😭 — baland ovoz bilan yig‘layotgan (ko‘z yoshlari oqayotgan) yuz;

🤣 — kulib dumalayotgan yuz;

😂 — quvonch ko‘z yoshlari bilan kulayotgan yuz;

❤️ — qizil yurak;

🙏 — birlashtirilgan kaftlar;

😘 — bo‘sa yuborayotgan yuz;

🥰 — yurakchalar bilan jilmayayotgan yuz;

👍 — ko‘tarilgan bosh barmoq;

😍 — ko‘zlari yurakcha shaklidagi yuz;

😁 — ko‘zlari yumilgan holda jilmayayotgan yuz.

Yil davomida eng tez o‘sgan emoji sifatida «so‘lgan atirgul» (🥀) qayd etildi. Bir yil ichida undan foydalanish birdaniga 190 foizga o‘sib, reytingning 93-pog‘onasiga ko‘tarilgan. Odatda ushbu belgi qayg‘u, hafsala pir bo‘lishi yoki qalb sinishini ifodalash uchun yuboriladi.

Shuningdek, so‘nggi yillarda «Moai haykali» (🗿) emojisining mashhurligi ham sezilarli darajada oshgan. Xususan, 2021 yilda u 482-o‘rinda bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib 33-o‘ringa chiqib olgan. Yoshlar ushbu ramzdan har qanday absurd vaziyatda xotirjamlik, yengil befarqlik yoki «toshdek qotgan qiyofa»ni namoyish etish uchun munosabat sifatida foydalanmoqda.

Stikerlar va GIF-tasvirlarning o‘rni kengaymoqda

Xabarda ta’kidlanishicha, emodzilar endilikda internet muloqotining yagona vositasi bo‘lmay qoldi. Foydalanuvchilar aniqroq reaksiyani bildirish imkonini beradigan stikerlar va GIF-tasvirlarni ko‘proq ma’qul ko‘rmoqda.

Masalan, bitta smaylik o‘rniga serialdan taniqli kadrni yuborish mumkin — kinodagi bitta tasvirning o‘zi sarkazm, ishonchsizlik yoki shok holatini yetkazib berish uchun yetarli bo‘ladi. Jumladan, «Dekster» serialidagi serjant Doaks tasviri aks etgan stiker biror narsadan shubhalanganda yoki haqiqatni bilib, lekin uni isbotlashning imkoni bo‘lmaganda juda katta ommaboplikka ega bo‘lmoqda. Shuningdek, tarmoqda «WhatsApp uchun stiker va memlar qirolichasi» deb atalgan jajji Rohining tasvirlaridan ham keng foydalanilmoqda.

Google kompaniyasining xulosa qilishicha, emodzilar orqali muloqot qilish usullarining o‘zi ham o‘zgarmoqda: odatiy ramzlar yangi ma’nolarga ega bo‘lmoqda, eskirganlari esa zamonaviy internet madaniyatiga mos keladigan variantlarga o‘z o‘rnini bo‘shatib bermoqda, deyiladi xabarda.

Teglar

Mavzuga oid