«Jallodlarning ismlari sir emas»: Yil suratlari dunyoning eng og‘riqli nuqtalarini ko‘rsatdi
Jahon fotojurnalistikasining eng nufuzli tanlovlaridan biri bo‘lgan «World Press Photo» g‘oliblari e’lon qilindi. Hakamlar muhojirlar, ochlik va qirg‘in mavzusidagi suratlarni tanladi.

Joriy yilning aprel oyi oxirida «World Press Photo» xalqaro tanlovi hakamlar hay’ati yilning eng yaxshi surati va yana ikki finalchini e’lon qildi. G‘oliblik jahon fotojurnalistikasining tirik afsonasi sanalgan 70 yoshli amerikalik fotomuxbir Kerol Guziga nasib etdi. Uning surati Donald Tramp hokimiyatga qaytgach boshlangan muhojirlarga qarshi keskin siyosat tufayli AQSHda yuzaga kelgan oilaviy fojialardan birini aks ettiradi.
Surat 2025 yil avgust oyida Nyu-Yorkdagi deportatsiya ishlari ko‘riladigan sud binosida «Miami Herald» gazetasi uchun olingan. Unda AQSH Ichki xavfsizlik xizmati agentlari Ekvadordan kelgan muhojirni oilasidan kuch bilan ajratayotgani tasvirlangan.

ICE agentlari ekvadorlik muhojirni oilasidan majburan ajratib, uni noma’lum tomonga jo‘natmoqda.
Deportatsiya qilinishi belgilangan muhojirning ismi Luis. Fotomuxbir uning familiyasini ochiqlamagan. U sudga qo‘riqchilar kuzatuvida emas, yaqinlari bilan birga ixtiyoriy ravishda kelgan. Ma’lum bo‘lishicha, Luis rafiqasi va ikki qizidan iborat oilaning yagona boquvchisi bo‘lgan.
Guzi tasvirlagan sahnada qizlar yig‘lagancha otasi bilan xayrlashmoqda. U esa majburan noma’lum manzilga jo‘natilmoqda. Qonun nomi bilan oila parchalanmoqda va buni o‘zgartirishning iloji yo‘q. Bu holat Trampning muhojirlarga qarshi keng ko‘lamli siyosati oqibatida yuz bergan o‘n minglab ayanchli voqealardan biri, xolos.
Fototanlov tashkiliy qo‘mitasi bayonotida aytilishicha, «bu kamdan-kam uchraydigan holat emas. Bu sud jarayonlarida ixtiyoriy ishtirok etayotgan odamlarga nisbatan ommaviy tarzda qo‘llanayotgan siyosatdir».
«Bu mukofot dunyo uchun ushbu voqea naqadar katta ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Biz son-sanoqsiz oilalarning azob chekayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Bu mukofot menga emas, aynan ularga tegishli», — deya qarorga qisqa munosabat bildidi Kerol Guzi.
Guzi jahon fotojurnalistikasidagi eng mashhur ayollardan biri sanaladi. U to‘rt marta «Pulitser» mukofotiga sazovor bo‘lgan. Uning fotosuratlari doimo og‘ir va favqulodda sharoitda yashashga majbur bo‘lgan odamlar taqdirini aks ettiradi.

Bu jasur ayolning fotosuratlari har doim keskin ijtimoiy va siyosiy holatlarni aks ettirgan. Uni sayyoramizning eng xavfli joylarida topish mumkin.
U birinchi «Pulitser» mukofotini 1986 yilda, 30 yoshida Kolumbiyaning Armero shahridagi halokat haqidagi fotolari uchun olgan. O‘shanda «Nevado-del-Ruis» vulqoni otilishi 23 ming odamning hayotiga zomin bo‘lgan. Ikkinchi va to‘rtinchi mukofotlari esa Yer yuzidagi eng og‘ir va fojiali hududlardan biri sanalgan Gaiti bilan bog‘liq: kichik Dyuvalening ag‘darilishi, 1994 yilda Amerika qo‘shinlarining bosqini va Gaitidagi vayronkor zilzila.
Unga 2000 yilda berilgan yana bir «Pulitser» mukofoti Kosovo urushi paytida qochqinlar hayotini yoritgani uchun topshirilgan.
Uning fotosuratlari doimo keskin ijtimoiy va siyosiy holatlarni hujjatlashtirib kelgan. Uni dunyoning eng xavfli nuqtalarida, jumladan Livan, Serra-Leone va Kongodagi fuqarolik urushi hududlarida ham uchratish mumkin.
Bu safar ham Kerol Guzi o‘z tamoyiliga sodiq qoldi. U siyosatchilar qo‘lida o‘yinchoqqa aylangan oddiy odamlarning alamli va chorasiz holatini ko‘rsatdi. Uning ishi «Yil surati» deb tan olingani Amerikadagi muhojirlarga qarshi repressiyalarning ijtimoiy-siyosiy ahamiyatini yana bir bor ko‘rsatdi. Bu jarayon AQSHni borgan sari «yashirin fuqarolar urushi» maydoniga aylantirmoqda.

Surat «G‘azo sektoridagi favqulodda gumanitar vaziyat» deb nomlangan. Unda ochlikdan azob chekayotgan son-sanoqsiz odamlar bir burda non uchun hayot-mamot kurashiga kirishgan.
Qayd etish joizki, so‘nggi yillardan farqli ravishda, bu galgi «World Press Photo» tanlovini faqat olqishlash mumkin. Buni nafaqat Guzining surati, balki qolgan ikki finalchining asarlari ham tasdiqlaydi. Ularning ishlari G‘azo va Gvatemaladagi genotsid mavzusiga bag‘ishlangan.
Tanlovning uchta asosiy mukofotini — «Yil surati» va ikki finalchini — nafaqat dolzarblik, balki ichki mantiq va insoniy hamdardlik birlashtirib turibdi. Hakamlar go‘yo «qarang, dunyoni qay ahvolga soldik! Yer yuzidagi eng boy va qudratli mamlakatda hamon odamlarga qarshi ommaviy ov va mutlaq huquqsizlik davom etmoqda», demoqchidek.
Birinchi finalchi — Saber Nuraldinning G‘azodan olingan surati bo‘ldi. Fotosurat «G‘azo sektoridagi favqulodda gumanitar vaziyat» deb nomlangan. Unda ochlikdan azob chekayotgan son-sanoqsiz odamlar bir burda non uchun hayot-mamot kurashini olib borayotgani aks etgan. Buning barchasi butun dunyo ko‘z o‘ngida, to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda sodir bo‘lmoqda.
Surat 2025 yilning iyul oyida, Isroil G‘azoga beriladigan gumanitar yordamni «taktik jihatdan to‘xtatishini» e’lon qilib, ikki million aholini ochlikdan o‘limga mahkum etgan paytda olingan.
Ikkinchi finalchi — Nyu-Yorkda yashovchi fotograf Viktor Blu va uning «Achi xalqi ayollarining sudi» nomli surati. Kadrda Lotin Amerikasining tub aholisi bo‘lgan hindu ayollari aks etgan, ular o‘zlarini qiynoqqa solgan kimsalar ustidan adolatli hukm chiqarilishini qirq yil kutishgan.
Gvatemalada 1960 yillardan 1990 yillargacha AQSH ishtirokida davom etgan hindular genotsidi 200 ming kishining hayotiga zomin bo‘lgan. Insoniyatga qarshi jinoyatlarni tashkil etgan va amalga oshirganlar repressiyalarni «kommunizmga qarshi kurash» shiori ostida o‘tkazgan. Genotsid faqat qirg‘inlar bilan emas, qiynoq va zo‘rlashlar bilan ham kechgan.

Gvatemalada 1960 yillardan 1990 yillargacha AQSH ishtirokida davom etgan hindular genotsidi 200 ming kishining hayotiga zomin bo‘lgan.
Viktor Bluning suratida qatliomdan qirq yil o‘tib, uch nafar «jallod» ustidan hukm o‘qilganidan keyingi achi qabilasi ayollari muhrlangan. Ular umrbod qamoq jazosiga mahkum qilindi. Rabinal shahri ayollari bu lahzani butun yoshligi, butun umri davomida kutgan...
«Jallodlar»ning ismlari hech qachon sir bo‘lmagan, ammo bu sud jarayonining qirq yilga cho‘zilib ketishiga to‘sqinlik qilolmadi. Qolaversa, bu mahkama shunchaki ramziy xususiyatga ega edi: siyosiy kuchlar o‘zaro hisob-kitob qilmoqda, yangi elitaga esa «dushman obrazi» kerak bo‘lib qoldi. Shu bois, uch nafar oddiy ijrochining hibsga olinishi ayni muddao bo‘ldi. Boshqacha aytganda, yuz bergan voqea adolat tantanasi emas, balki siyosiy nayrang va genotsid mavzusini suiiste’mol qilishdir. Aynan shu sababli suratdagi ayollar yuzida quvonchdan asar ham yo‘q.
Ataylabmi yoki tasodifan, «World Press Photo» tanlovining bu galgi mukofotlari ushbu uch surat orqali zamonaviy dunyoning eng asosiy kun tartibini — huquqsizlik va genotsidni ochib bermoqda. Agar Gvatemaladagi etnik tozalash uchun uch nafar jinoyatchi faqat qirq yil o‘tib jazolangan bo‘lsa, demak, G‘azodagi genotsid bo‘yicha sud mahkamasini ham, aftidan, kamida shuncha kutishga to‘g‘ri keladi.
Ekvadorlik Luis bilan boshlanib, gvatemalalik hindu ayollar bilan yakunlanuvchi ushbu uchlikda insoniyat hozircha ikkinchi kadr syujetida to‘xtab turibdi...





