Haftalik narxlar: go‘sht narxi yuqori saqlanmoqda, sabzavotlar esa arzonlashdi
VAQT.UZ Markaziy bank ma’lumotlari asosida eng muhim 15 ta oziq-ovqat mahsulotining haftalik narxlaridagi o‘zgarishlarni muntazam tahlil qilib boradi.

Markaziy bankning «narxtahlil.uz» platformasida e’lon qilingan ma’lumotlar oziq-ovqat bozorida turlicha tendensiyalar saqlanib qolayotganini ko‘rsatdi.
O‘tgan haftada go‘sht mahsulotlari narxi yuqori sur’atda o‘sgan bo‘lsa, bu hafta qimmatlashish tendensiyasi davom etgan. Shu bilan birga, bahorgi hosil ta’sirida sabzavotlar arzonlashishi davom etdi, ammo ayrim mevalar narxi sezilarli oshgan. Ayniqsa, bodring, pomidor va bulg‘or qalampirida keskin pasayish kuzatildi.
Quyida 13-may holatidagi narxlar va 6-mayga nisbatan o‘zgarishlar keltiriladi.
Asosiy mahsulotlar
Yog‘ mahsulotlarida barqarorlik saqlanib qolmoqda. Paxta yog‘i narxi o‘zgarmasdan qolib, 20 289 so‘mni tashkil qildi. Kungaboqar yog‘ida esa atigi 0,1 foizlik o‘sish qayd etildi va mahsulot 21 514 so‘mga yetdi. Bu bozorda taklif va talab o‘rtasida muvozanat saqlanayotganini ko‘rsatmoqda.
Un mahsulotlarida inflyatsion bosim hanuz sezilmoqda. Birinchi nav un narxi 0,1 foizga oshib, 6 279 so‘mga yetdi. Oliy nav unda esa o‘zgarish kuzatilmadi va mahsulot 9 405 so‘m darajasida qoldi.
Go‘sht mahsulotlarida narxlar yuqori darajada saqlanmoqda, ammo o‘sish sur’ati avvalgi haftalarga nisbatan biroz sekinlashgan. Mol go‘shti 0,5 foizga qimmatlashib, 120 106 so‘mga yetdi. Qo‘y go‘shtida ham 0,6 foizlik o‘sish qayd etildi va mahsulot 131 595 so‘mni tashkil qildi. Tovuq go‘shti esa aksincha 0,5 foizga arzonlab, 32 028 so‘mga tushdi.
Shu bilan birga, ulgurji bozorda ham qo‘y go‘shti narxi o‘sishda davom etmoqda. 18-may holatiga ko‘ra, qo‘y go‘shtining ulgurji narxi ayrim maksimum nuqtalarda yana 10 ming so‘mga oshib, 130 ming so‘mgacha yetgan. Narxning keskin oshishi asosan sovutilgan import go‘sht hisobiga yuz bermoqda. Mol go‘shti ulgurji narxida esa hozircha sezilarli o‘zgarish qayd etilmagan.
Bu esa bozorda qiziqarli tafovutni yuzaga keltirmoqda — mol go‘shtida ulgurji segment nisbatan barqaror qolayotgan bir paytda, chakana narxlar hali ham yuqorilashda davom etmoqda. Qo‘y go‘shtida esa bosim bir vaqtning o‘zida ham ulgurji, ham chakana bozorda saqlanib qolmoqda.
Tuxum bozorida barqaror holat saqlanmoqda. Hafta davomida mahsulot narxi atigi 0,1 foizga oshib, 11 546 so‘m bo‘ldi. Sut mahsulotlarida esa yengil pasayish kuzatildi — yangi sog‘ilgan sut 0,1 foizga arzonlab, 7 884 so‘mga tushdi.
Guruch va shakarda ham pasayish tendensiyasi saqlanib qolmoqda. Guruch 0,8 foizga arzonlab, 14 219 so‘mni tashkil qildi. Shakar narxi ham 0,3 foizga pasayib, 13 137 so‘mga tushdi.
Mahsulot | 13.05.2026 (so‘m) | 6.05.2026 (so‘m) | O‘zgarish |
Paxta yog‘i (1 litr) | 20 289 | 20 280 | 0% |
Kungaboqar yog‘i | 21 514 | 21 494 | +0,1 % |
Un (1-nav) | 6 279 | 6 275 | +0,1 % |
Mol go‘shti (1 kg) | 120 106 | 119 545 | +0,5 % |
Qo‘y go‘shti (1 kg) | 131 595 | 130 863 | +0,6 % |
Tuxum | 11 546 | 11 537 | +0,1 % |
Guruch (1 kg) | 14 219 | 14 333 | -0,8 % |
Shakar (1 kg) | 13 137 | 13 176 | -0,3 % |
Jadval narxtahlil.uz platformasidagi ma’lumotlar asosida tayyorlandi
Sabzavotlar
Sabzavot bozorida bahorgi arzonlashish davom etmoqda. Eng katta pasayish bulg‘or qalampirida kuzatildi — mahsulot bir haftada 22,8 foizga arzonlab, 22 062 so‘mga tushdi.
Pomidor narxi ham keskin tushdi. Hafta davomida mahsulot 22 foizga arzonlab, 16 354 so‘mni tashkil qildi. Baqlajonda 21,8 foizlik pasayish qayd etildi va mahsulot 20 849 so‘mga tushdi.
Bodring narxi ham tez sur’atda pasayishda davom etmoqda. Mahsulot bir haftada 13,5 foizga arzonlab, 7 852 so‘mga tushdi. Sarimsoqda ham 5,5 foizlik pasayish kuzatildi va narx 24 860 so‘mgacha tushdi.
Kartoshka, piyoz va karamda ham arzonlashish saqlanib qoldi. Kartoshka 1,1 foizga arzonlab, 6 582 so‘m bo‘ldi. Piyoz 2,4 foizga tushib, 2 272 so‘mni tashkil qildi. Karam esa 2,8 foizga arzonlab, 4 099 so‘mga yetdi.
Sabzida esa aksincha o‘sish kuzatildi. Mahsulot narxi 0,2 foizga oshib, 3 582 so‘mni tashkil qildi. Bu ayrim sabzavotlarda yangi hosil hali to‘liq shakllanmaganini ko‘rsatishi mumkin.
Mahsulot | 13.05.2026 (so‘m) | 6.05.2026(so‘m) | O‘zgarish |
Kartoshka (1 kg) | 6 582 | 6 656 | -1,1% |
Piyoz (1 kg) | 2 272 | 2 329 | -2,4 % |
Sabzi (1 kg) | 3 582 | 3 574 | +0,2 % |
Pomidor (1 kg) | 16 354 | 20 972 | -22 % |
Bodring (1 kg) | 9 370 | 12 214 | -23,3 % |
Bulg’or qalampiri | 22 062 | 28 562 | -22,8% |
Jadval narxtahlil.uz platformasidagi ma’lumotlar asosida tayyorlandi
Mevalar
Mevalar segmentida o‘sish tendensiyasi saqlanib qolmoqda. Uzum narxi bir haftada 6,2 foizga oshib, 27 327 so‘mga yetdi. Limon ham 1,9 foizga qimmatlashib, 47 685 so‘mni tashkil qildi.
Olma narxi 1,1 foizga oshib, 16 240 so‘mga yetdi. Nokda esa aksincha 0,7 foizlik pasayish kuzatildi va mahsulot 21 589 so‘mga tushdi.
Mahsulot | 13.05.2026 (so‘m) | 6.05.2026 | O‘zgarish |
Olma (1 kg) | 16 240 | 16 061 | +1,1 % |
Nok (1 kg) | 21 589 | 21 735 | -0,7 % |
Limon (1 kg) | 47 685 | 46 814 | +1,9 % |
Uzum (1 kg) | 27 327 | 25 737 | +6,2 % |
Jadval narxtahlil.uz platformasidagi ma’lumotlar asosida tayyorlandi
Viloyatlarda mol go‘shti narxi qanday o‘zgardi?
Hududlar kesimida mol go‘shti narxlarida ham sezilarli tafovut saqlanib qolmoqda. 13-may holatiga ko‘ra, eng katta haftalik o‘sish Toshkent viloyatida kuzatildi — narx 1,84 foizga oshib, 121 435 so‘mga yetgan. Surxondaryo viloyatida mol go‘shti 1,71 foizga qimmatlashib, 120 959 so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, Andijonda narx 1,67 foizga oshib, 119 869 so‘mga yetgan.
Eng qimmat hududlar orasida Jizzax, Toshkent shahri va Namangan ajralib turmoqda. Jizzaxda mol go‘shti o‘rtacha 129 663 so‘mdan sotilgan bo‘lsa, Toshkent shahrida 129 142 so‘m, Namanganda esa 129 415 so‘mni tashkil qilgan.
Ayrim hududlarda esa narxlar pasaygan. Eng katta tushish Buxoro viloyatida qayd etildi — mol go‘shti bir haftada 0,64 foizga arzonlab, 114 469 so‘mga tushgan. Samarqand va Farg‘onada ham yengil pasayish kuzatilgan.
Qoraqalpog‘iston mol go‘shti eng arzon hududlardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu yerda o‘rtacha narx 104 767 so‘mni tashkil qilgan. Xorazmda esa narx 112 938 so‘m atrofida shakllangan.
Viloyat | 13.05.2026 | 06.05.2026 | O‘zgarish |
Toshkent viloyati | 121 435 | 119 237 | +1.84% |
Surxondaryo viloyati | 120 959 | 118 930 | +1.71% |
Andijon viloyati | 119 869 | 117 895 | +1.67% |
Jizzax viloyati | 129 663 | 128 741 | +0.72% |
Toshkent shahri | 129 142 | 128 780 | +0.28% |
Qoraqalpog‘iston | 104 767 | 104 533 | +0.22% |
Xorazm viloyati | 112 938 | 112 727 | +0.19% |
Qashqadaryo viloyati | 115 117 | 114 934 | +0.16% |
Namangan viloyati | 129 415 | 129 404 | +0.01% |
Navoiy viloyati | 120 564 | 120 585 | -0.02% |
Sirdaryo viloyati | 123 362 | 123 426 | -0.05% |
Farg‘ona viloyati | 121 754 | 121 884 | -0.11% |
Samarqand viloyati | 125 472 | 125 618 | -0.12% |
Buxoro viloyati | 114 469 | 115 201 | -0.64% |
Jadval narxtahlil.uz platformasidagi ma’lumotlar asosida tayyorlandi
Umuman, bozorda hozir ikki xil tendensiya yaqqol ko‘rinmoqda. Bir tomondan, go‘sht mahsulotlari narxi yuqori darajada saqlanib qolmoqda va ayrim hududlarda qimmatlashish davom etmoqda. Ayniqsa, qo‘y go‘shtida ulgurji va chakana bozordagi bir vaqtning o‘zida kuzatilayotgan o‘sish bozorda bosim hali ham kuchli ekanini ko‘rsatmoqda. Toshkent viloyati, Surxondaryo va Andijonda mol go‘shti narxining keskinroq oshgani hududlar o‘rtasidagi tafovutni yanada kuchaytirdi.
Ikkinchi tomondan esa, bahorgi hosilning ko‘payishi sabzavot bozorida sezilarli arzonlashuvni yuzaga keltirdi. Pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri va baqlajon narxining keskin tushishi bozorda taklif hajmi oshganini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, mevalar segmentida aksincha o‘sish kuzatilib, ayniqsa uzum va limon narxi sezilarli qimmatlashdi.
Teglar





