Turkistonda O‘zbekiston qurgan masjid ochiladi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Turkiston shahrida O‘zbekiston tomonidan qurilgan yangi jome masjidi bilan tanishdi.

Turkistonda O‘zbekiston qurgan masjid ochiladi © prezident.uz

Turkiston shahridagi amaliy tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev O‘zbekiston tomonidan barpo etilgan yangi jome masjidini ko‘zdan kechirdi. Mazkur majmua Turkiston shahrining yangi ma’naviy va me’moriy markazlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.

Masjid majmuasi

Masjid majmuasining umumiy maydoni 7 gektardan ziyod bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 5 mingdan ortiq namozxonni qabul qilish imkoniyatiga ega. Inshoot to‘rtta 70 metrlik minora, asosiy ibodat zali hamda an’anaviy ayvonlardan iborat uch qavatli binodan tashkil topgan.

Majmua Islom va Sharq me’morchiligining eng yaxshi an’analari asosida qurilgan. Unda milliy naqshlar, sharqona gumbazlar va baland minoralar zamonaviy qurilish texnologiyalari bilan uyg‘unlashtirilgan. Ichki bezak ishlarida islom xattotligi va naqqoshlik san’ati elementlaridan keng foydalanilgani qayd etildi.

Shuningdek, atrofdagi 4,2 gektar hududni obodonlashtirish ishlari ham olib borilmoqda. Loyiha doirasida yashil hududlar, piyodalar yo‘laklari, dam olish maskanlari, favvoralar va zamonaviy yoritish tizimlari barpo etilmoqda.

Rasmiylar ushbu masjid O‘zbekistonning Qozog‘iston xalqi va Turkiston aholisiga tuhfasi ekanini ta’kidlab, uni ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ittifoqchilik munosabatlarining yorqin ramzi sifatida baholadilar. Tashrif yakunida Qur’on tilovat qilinib, xalqlar tinchligi va farovonligi uchun duo qilindi.

Teglar

Mavzuga oid

Turkistonda O‘zbekiston qurgan masjid ochiladi | Vaqt.uz