Toshkentda yashirin narkolaboratoriya tashkil etganlar aniqlandi
Chilonzor tumanida tashkil etilgan yashirin narkolaboratoriyada kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari, prekursorlar va sintetik narkotiklar tayyorlangan.
© Videodan kadrToshkent shahri Chilonzor tumanida narkolaboratoriya tashkil etganlar fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 1996 yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi «Spark» avtomashinasi Chilonzor tumanida to‘xtatilib, tekshirildi. Avtomashina salonidan 15 dona kapsulada «Pregabalin» kuchli ta’sir qiluvchi moddasi borligi aniqlandi.
Shundan so‘ng ushbu dorilarni sotgan 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro ham qo‘lga olindi. Tergovga qadar tekshiruv jarayonida u Chilonzor tumanidagi xonadonlardan birida yashirin narkolaboratoriya tashkil qilgani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur xonadonda o‘tkazilgan ko‘zdan kechirish ishlari davomida 955 gramm va 538 dona «Pregabalin», 227 gramm va 28 dona «Tropikamid», 16 kilogramm «Trilon-B» moddasi hamda sintetik narkotiklar tayyorlashda foydalaniladigan prekursorlar topildi.
Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan katta miqdordagi bo‘sh kapsulalar, flakonlar va laboratoriya jihozlari ham musodara qilingan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu moddalar noqonuniy ravishda tarqatish uchun tayyorlangan bo‘lgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda va ushbu tarmoqqa aloqador boshqa shaxslarni aniqlash choralari ko‘rilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada tog‘a va jiyan narkosavdogarlar qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.





