Farg‘onada tog‘a va jiyan narkosavdogarlar qo‘lga olindi

Bugun 11:251 daqiqa

Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qarindosh bo‘lgan ikki nafar shaxs yirik miqdordagi giyohvandlik vositalari bilan qo‘lga olindi. Ularning avtomashinasi va yashash manzilidan jami 5 kilogrammga yaqin «gashish» moddasi aniqlangan.

Farg‘onada tog‘a va jiyan narkosavdogarlar qo‘lga olindi © Videodan kadr

Farg‘ona viloyatida narkotik savdosi bilan shug‘ullanganlar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Qo‘qon shahrida yashovchi, 2002 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi «Cobalt» avtomashinasi Uchko‘prik tumani hududida tekshirilgan. Avtomashina salonidan 4 kilogramm 41 gramm «gashish» moddasi topilgan.

Shuningdek, gumonlanuvchining yashash uyida o‘tkazilgan tekshiruvda yana 867 gramm «gashish» borligi aniqlangan. Tergovga qadar tekshiruv jarayonida ushbu giyohvandlik vositalari uning 1980 yilda tug‘ilgan tog‘asiga tegishli ekani ma’lum bo‘lib, u ham huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olingan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, giyohvandlik vositalari qo‘shni respublikalardan biri hududidan olib kirilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar mazkur kanalning boshqa ishtirokchilari va yetkazib berish yo‘llarini aniqlash ustida ish olib bormoqda.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi — kontrabanda hamda 273-moddasi — giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni o‘tkazish bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi. Ularga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Teglar

Mavzuga oid