Yo‘llardagi hojatxonalar ahvolidan ta’bi xira rais, kvadrat metri 9,2 dollarlik ijara va bankomat muammolari bilan ovora IIV xodimlari —18-may dayjesti

Kecha 22:403 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Yo‘llardagi hojatxonalar ahvolidan ta’bi xira rais, kvadrat metri 9,2 dollarlik ijara va bankomat muammolari bilan ovora IIV xodimlari —18-may dayjesti

Toshkentda ijara narxlari keskin oshib bormoqda

2026 yil aprel oyida Toshkentda uy-joy ijara narxlari o‘sishi davom etdi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotiga ko‘ra, poytaxtda ijaraning o‘rtacha narxi bir kvadrat metr uchun 9,2 dollarga yetgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,1 foizga yuqori. Eng qimmat ijara Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida qayd etilgan.

Yillik o‘sish sur’atlari bo‘yicha Yashnobod tumani yetakchilik qildi — bu yerda ijara narxlari 18,2 foizga oshgan. Shuningdek, Bektemir va Yunusobod tumanlarida ham yuqori o‘sish kuzatilgan. Mutaxassislar fikricha, poytaxtda ijara bozori uy-joy sotuv bozoriga nisbatan tezroq qimmatlashmoqda.

O‘zbekistonda tirik baliq, qo‘y, sigir, echki va asalarilarga soliq imtiyozi beriladi

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ayrim turlari uchun QQS bo‘yicha nol stavka qo‘llaniladigan tovarlar ro‘yxati kengaytirildi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Soliq qo‘mitasi tasdiqlagan yangi qarorga ko‘ra, imtiyozli mahsulotlar soni 518 taga yetdi. Ro‘yxatga tirik baliq, sigir, buqa, qo‘y, echki, ot, tuya, eshak, asalari qoplari, ipak qurtlari hamda ferula ko‘chatlari kabi yana 14 ta mahsulot qo‘shildi.

Yangi qoidalarga muvofiq, ushbu mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar tomonidan sotilganda QQS nol stavkada hisoblanadi. Mutaxassislar fikricha, qaror oziq-ovqat narxlarini barqarorlashtirish, ishlab chiqaruvchilar xarajatini kamaytirish va chorvachilik hamda baliqchilik sohalarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi mumkin.

2025 yilda bankomatlar bilan 290 ming muammo kuzatildi — Senat

Senat ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda aholi bankomatlar orqali naqd pul yechishda 290 ming marta muammoga duch kelgan. Ko‘plab holatlarda hisobdan pul yechilgan bo‘lsa-da, bankomat naqd pul bermagan yoki plastik karta qurilma ichida qolib ketgan. Senatorlar servis xizmatlari sust ishlayotganini tanqid qilib, ayrim murojaatlar 15 kundan ortiq vaqtda hal etilganini qayd etdi.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligining «102» xizmatiga bankomatlar bilan bog‘liq 3 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Senatorlarga ko‘ra, jinoyatchilikka qarshi kurashishi kerak bo‘lgan ichki ishlar xodimlari bankomatda qolib ketgan kartalar muammosini hal qilishga jalb qilinmoqda. Muhokamalar yakunida Markaziy bankdan bankomatlar faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish talab qilindi.

«Bu meni ham ta’bimni xira qiladi» — Turizm qo‘mitasi raisi yo‘llardagi hojatxonalar ahvoli haqida

Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov yo‘l bo‘yidagi hojatxonalarning sanitar holati hali ham muammoligicha qolayotganini tan oldi. Uning aytishicha, AYQSHlardagi hojatxonalar ko‘p hollarda qo‘shimcha majburiyat sifatida tashkil qilingani uchun ularga yetarlicha e’tibor berilmayapti. Aqqulov ayrim holatlar uning ham «ta’bini xira qilishini» aytdi.

Qo‘mita raisi muammoni hal qilishda jamoatchilik nazorati muhimligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tekshiruv paytida hojatxonalar tartibga keltirilsa-da, oddiy vaqtda sanitar holat talab darajasida emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda AYQSHlar, parklar va turizm maskanlarida 11 mingga yaqin hojatxona mavjud bo‘lib, ularning 4 mingtasi yangidan qurilgan.

Sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov bank tizimiga qaytdi

Sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov bank tizimiga qaytdi. U ayni paytda «Hayot Bank» AJda maslahatchi sifatida faoliyat yuritmoqda. Bu haqda Voitovning o‘zi «Vaqt.uz» muxbiri bilan suhbatda ma’lum qilib, bankda ish boshlaganiga olti oy bo‘lganini aytgan.

Aziz Voitov avval Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va «O‘zsanoatqurilishbank» tizimida ishlagan, 2022–2023 yillarda esa qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimida faoliyat yuritgan. U 2023 yil oxirida iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha ish doirasida qamoqqa olingan, 2025 yilda sud tomonidan aybli deb topilib, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan edi.

Teglar

Mavzuga oid

Yo‘llardagi hojatxonalar ahvolidan ta’bi xira rais, kvadrat metri 9,2 dollarlik ijara va bankomat muammolari bilan ovora IIV xodimlari —18-may dayjesti | Vaqt.uz