Click har ikki oyda aksiyadorlariga milliardlab dividend to‘lamoqda

Bugun 17:552 daqiqa

May oyidagi kompaniya yig‘ilishida aksiyadorlarga 1 dona aksiya uchun 263 foiz ko‘rinishida dividend to‘lash bo‘yicha qaror qabul qilindi. Kompaniya aksiyadorlari va uning moliyaviy ko‘rsatkichlari haqida batafsil Vaqt.uz'da tanishing:

Click har ikki oyda aksiyadorlariga milliardlab dividend to‘lamoqda © click

2026-yil 18-may kuni bo‘lib o‘tgan Click AJ aksiyadorlari yig‘ilishida kompaniyaning 78,6 mlrd so‘mlik saqlanib qolgan foydasini taqsimlash masalasi ko‘rib chiqildi. Qarorga ko‘ra, foydaning 52,58 mlrd so‘mi dividend to‘lovlariga yo‘naltiriladi.

Bu har bir muomaladagi aksiya uchun 2 629,06 so‘mdan dividend to‘lanishini anglatadi. Foiz hisobida 1 dona aksiya uchun +262,9 foiz dividend to‘lanmoqda. 

Dividendlar 18-maydan boshlab 16-iyulgacha bo‘lgan muddatda Markaziy qimmatli qog‘ozlar depozitariysi yoki investitsiya vositachilari orqali naqd pul shaklida to‘lab beriladi.

Qolgan 26,04 mlrd so‘m esa hozircha taqsimlanmagan foyda sifatida qoldiriladi. E’tiborlisi, Click bu yil deyarli har ikki oyda aksiyadorlariga dividend to‘lab kelmoqda.

Jumladan, 2026-yil 18-martdagi yig‘ilishda kompaniya 114,6 mlrd so‘mlik saqlanib qolgan foydasidan 36 mlrd so‘mni dividendlar uchun ajratgan edi. O‘shanda har bir aksiya uchun 1 800 so‘mdan dividend belgilangan.

Bungacha esa 2026-yil 15-yanvar, shuningdek 2025-yil sentabr va noyabr oylarida ham aksiyadorlarga har safar 36 mlrd so‘mdan dividend to‘lash bo‘yicha qarorlar qabul qilingan.


Click aksiyadorlari kimlar? 

iHamkor.uz ma’lumotlarida ko‘rsatilishicha, Click kompaniyasiga yetti nafar jismoniy shaxs egalik qiladi. 

Aksiyalarning 35 foizi Ilyos Azimovga, 25 foizi Azizullo G‘ulomqodirovga va 20 foizi Ilhom Azimovga tegishli. 

Ulug‘bek Rustamov, Rustam Fayziyev, Jahongir Usmonov va Bahodir Abduqodirov 5 foizdan ulushga ega. Ulug‘bek Rustamov Click to‘lov tashkiloti rahbari hisoblanadi.

Mart oyida Click va Halyk Bank o‘rtasida 237 mln dollarlik kelishuv amalga oshmagani ma’lum bo‘lgandi. 

2025 yildan e’lon qilgan kelishuvga ko‘ra, Qozog‘iston banki Click'ning 49 foiz ulushini 176,4 mln dollar evaziga sotib olishi, Click aksiyadorlari esa bankning O‘zbekistondagi sho‘’ba banki — Tenge Bank aksiyalarining 49 foizini 60,8 mln dollarga xarid qilishi kerak edi. 

Bundan avvalroq, 2023 yilda Click kompaniyasi Uzum bilan birlashishi haqida e’lon qilindi. Biroq, keyinchalik bunga Raqobat qo‘mitasi rozilik bermagandi. 


Click qanday foyda olyapti? 

2026 yilning I choragida to‘lov tashkiloti 78,6 mlrd so‘m sof foyda oldi. Bu 2025 yilning mos davriga nisbatan 7,4 foizga ko‘proq. Click daromadi bunda 209,4 mlrd so‘mni tashkil qildi. 

Bu davrda to‘lov tashkilotining asosiy raqobatchisi Payme 104 mlrd so‘m foyda olishga erishdi. Pul o‘tkazmalarining katta qismi shu ikkala to‘lov tashkiloti orqali amalga oshiriladi

Click 2025 yilning III choragida 287 mlrd (+53 foiz) so‘m sof foyda olgandi. Bunda daromad 30 foizga o‘sib, 549 mlrd so‘mga yetgan.

Teglar

Mavzuga oid