O‘zbekiston suv sarfi bo‘yicha mintaqada yetakchilikni saqlab qolmoqda

Bugun 10:012 daqiqa

Markaziy Osiyoda suv taqchilligi kuchayib borayotgan bir paytda O‘zbekiston yillik 54,56 mlrd metr kublik ko‘rsatkich bilan mintaqada eng ko‘p suv iste’mol qilayotgan davlat bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston suv sarfi bo‘yicha mintaqada yetakchilikni saqlab qolmoqda

«Worldometer» tahliliy platformasining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston umumiy suv iste’moli hajmi bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi o‘rinni saqlab qolgan. Respublikada har yili 54,56 mlrd metr kub suv sarflanishi qayd etilgan.

Mutaxassislar bu ko‘rsatkichni mamlakat qishloq xo‘jaligi salohiyati va keng irrigatsiya tarmoqlari bilan izohlamoqda. Ayniqsa, suv talab qiladigan agrar mahsulotlar yetishtirish hajmining yuqoriligi resurslarga bosimni kuchaytirmoqda.

Reytingdagi keyingi o‘rinlar

Reytingda ikkinchi o‘rinni Turkmaniston egallagan bo‘lib, mamlakatning yillik suv iste’moli 27,9 mlrd metr kubga yaqinlashgan. Qozog‘istonda bu raqam 22,77 mlrd metr kubni tashkil qilgan. Tojikistonda yillik suv sarfi 11,49 mlrd metr kub qayd etilgan bo‘lsa, Qirg‘izistonda bu ko‘rsatkich qariyb 8 mlrd kub metrga teng bo‘lgan.

Aholi jon boshiga hisoblanganda kim yetakchi

Aholi jon boshiga hisoblangan ko‘rsatkichlarda esa vaziyat boshqacha ko‘rinish olgan. Bu borada Turkmaniston yetakchilik qilmoqda. Mamlakatda bir kishi kuniga o‘rtacha 15 445 litr suv iste’mol qiladi.

O‘zbekistonda har bir fuqaroga kuniga o‘rtacha 4 778 litr suv to‘g‘ri keladi. Keyingi o‘rinlarda Tojikiston — 4 460 litr va Qirg‘iziston — 4 153 litr ko‘rsatkich bilan qayd etilgan. Qozog‘iston esa aholi jon boshiga suv sarfi eng kam davlat sifatida ajralib turibdi — bu yerda bir kishiga kuniga 3 397 litr suv to‘g‘ri keladi.

Ekspertlarning fikricha, keltirilgan ushbu raqamlar mintaqa davlatlari oldiga suv resurslaridan unumli foydalanish, integratsiyalashgan boshqaruv tizimini joriy etish va qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish kabi kechiktirib bo‘lmas vazifalarni qo‘ymoqda.

Teglar

Mavzuga oid