Eron terma jamoasiga AQSH vizasi berilmayapti
Eron milliy terma jamoasi AQSH vizasi muammosi sabab JCH—2026 oldidan FIFA bilan muzokara o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
© getty imagesEron futbol federatsiyasi rahbari Mehdi Tojning aytishicha, milliy terma jamoa futbolchilariga AQSH vizasi berish jarayoni haligacha ochiq qolmoqda. Bu haqda «Al Jazeera» xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, FIFA bilan yaqin kunlarda muhim uchrashuv o‘tkaziladi. Federatsiya rahbari xalqaro futbol tashkiloti Eron terma jamoasiga kafolat berishi shartligini ta’kidladi.
«Viza masalasi hali ham hal etilmagan. Bizga qarshi tomondan kimlarga viza berilgani haqida hech qanday ma’lumot kelmadi», dedi Mehdi Toj.
Rejaga ko‘ra, Eron futbolchilari viza jarayoni uchun barmoq izlarini topshirish maqsadida Turkiyaning Anqara shahriga borishi kerak edi. Biroq Eron tomoni jarayonni futbolchilar uchun yengillashtirish maqsadida uni Antaliya shahrida tashkil etish ustida ish olib bormoqda.
Eron va AQSH o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1980 yildan beri uzilgan. Joriy yil fevral oyi oxirida AQSH va Isroilning Eronga qarshi harakatlaridan keyin munosabatlar yanada taranglashgan edi.
Shu bilan birga, Eron terma jamoasining Shimoliy Amerikada o‘tadigan Jahon chempionatida ishtirok etishi kutilmoqda. Jamoa musobaqa davomida AQSHning Arizona shtatidagi Tukson shahrida yashaydi.
Qur’a natijalariga ko‘ra, Eron «G» guruhidan joy olgan bo‘lib, Yangi Zelandiya, Belgiya va Misr terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi. Rejaga muvofiq, Eron ishtirokidagi barcha o‘yinlar AQSH hududida o‘tkazilishi belgilangandi.
Eron sport vazirining munosabati
Avvalroq Eron sport vaziri Ahmad Dunyomoli mamlakat milliy terma jamoasi AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan 2026 yilgi Jahon chempionatida qatnashmasligini rasman e’lon qilgan edi.
«Korrupsiyalashgan hukumat rahnamomizni o‘ldirganidan so‘ng, biz uchun Jahon chempionatida ishtirok etishga imkon beruvchi hech qanday sharoit yo‘q», — deya vazirning so‘zlarini keltiradi TV2.
Eronning ushbu bayonotidan bir oz avval FIFA prezidenti Janni Infantino AQSH prezidenti Donald Tramp Eron terma jamoasini o‘z mamlakatida ko‘rishdan xursand bo‘lishini aytgan edi.





