«Ipoteka bank» Boshqaruv raisi lavozimini tark etmoqda
2024 yildan beri «Ipoteka bank» OTP Group Boshqaruv raisi sifatida ishlab kelgan Sandro Rtveladze 1-iyuldan o‘z lavozimini tark etadi.

2026 yil 1-iyuldan boshlab Sandro Rtveladze «Ipoteka bank» OTP Group Boshqaruv raisi sifatida faoliyatini yakunlaydi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar bermoqda.
Rtveladze «Ipoteka bank» Boshqaruv raisi sifatida 2024 yil iyun oyidan beri ishlab kelayotgan edi. U bank xususiylashtirilgach ikki yillik transformatsiya jarayonida ishtirok etdi.
OTP Bank «Ipoteka bank»ning 75 foizini 2023 yilda 243 mln dollarga sotib olgandi. O‘shanda, bankning qolgan 25 foizi uch yil ichida bo‘lab to‘lash orqali sotib olinishi aytilgandi.
«Sandro Rtveladze lavozimga tayinlangan paytda Ipoteka bank asosan ipoteka portfeli ulushi yuqori bo‘lgan davlat moliya instituti sifatida faoliyat yuritardi. Uning rahbarligi davrida asosiy jarayonlar restrukturizatsiya qilindi, kapital mustahkamlandi, aktivlar sifati yaxshilandi va bankning rentabelligi tiklandi», — deyiladi bank xabarida.
Rtveladze boshchiligida «Ipoteka bank» turli xil moliyaviy ko‘rsatkichlarni qayd etdi. 2025 yilning birinchi yarmiga kelib bankning zarari qariyb 400 mlrd so‘mgacha ko‘paydi.
Ammo, 2026 yilni bank sezilarli darajada yuqori foyda bilan boshladi. I chorakda sof foyda 579,2 mlrd so‘mni tashkil qildi. Bu O‘zbekistondagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri.
Sof foyda keskin o‘sishi qisman xususiylashtirishdan keyin aktivlar sifati yaxshilanishi va muammoli kreditlar bo‘yicha ko‘rsatkichlar qayta ko‘rib chiqilishi bilan bog‘liq.
Ipoteka bank OTP Grup Kuzatuv kengashi raisi va OTP Group bosh direktorining o‘rinbosari Laslo Volf ham Sandro Rtveladzenining lavozimini tark etishiga o‘z munosabatini bildirdi.
«Sandro atigi ikki yil ichida Ipoteka bankda keng qamrovli transformatsiyani amalga oshirib, bank faoliyatini OTP Group standartlariga muvofiqlashtirdi va uning yanada rivojlanishi uchun kuchli boshqaruv jamoasini shakllantirdi. Kuzatuv kengashi va OTP Group nomidan unga yetakchiligi, professionalligi hamda o‘z ishiga sodiqligi uchun minnatdorchilik bildiraman va kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilayman», — deydi u.
Ma’lumot uchun, Sandro Rtveladze «Ipoteka bank»ka qadar 2020 yilda ham O‘zbekistonda ishlagandi. Bu vaqtda u bir muddat bozorga endi kirib kelgan TBC Bankning Kuzatuv kengashini boshqargan.





