Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlarni jipslashishga chaqirdi

Turkiston sammitida nutq so‘zlagan O‘zbekiston rahbari Turkiy davlatlar tashkilotida yangi texnologik alyans tuzishni taklif qildi.

Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlarni jipslashishga chaqirdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-may kuni Turkiy davlatlar tashkilotining «Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish» mavzusidagi norasmiy sammitida ishtirok etdi. Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan tadbirda Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, TDT bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev ham qatnashdi.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashilib, ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati va amaliy sheriklikning ustuvor yo‘nalishlari atroflicha muhokama qilindi. Shavkat Mirziyoyev nutqining avvalida Buyuk ipak yo‘lining muhim savdo va madaniyat markazi hisoblangan Turkiston shahrida norasmiy sammit yuksak darajada tashkil etilgani uchun Qozog‘iston Prezidentiga tashakkur izhor etdi.

Shuningdek, TDTdagi samarali raisligi hamda tuzilmaning xalqaro nufuzini mustahkamlash yo‘lida amalga oshirayotgan sa’y-harakatlari uchun Ozarboyjon Prezidentiga minnatdorlik bildirdi. Turkiy dunyo integratsiyasi qardosh xalqlarimiz taqdiriga bevosita daxldor bo‘lgan uzoq muddatli strategik masalaga aylanayotgani ta’kidlandi.

«Bugungi uchrashuvimiz jahonda turli ziddiyatlar tobora avj olayotgan davrga to‘g‘ri kelmoqda. Xalqaro munosabatlarda ishonch taqchilligi yanada kuchayib, global institutlarning o‘rni va ta’siri borgan sari zaiflashmoqda. Bu muammolar bizdan o‘zaro muloqotlarni faollashtirib, muhim masalalar bo‘yicha uyg‘un pozitsiyalarni ishlab chiqishni taqozo etmoqda», – dedi O‘zbekiston Prezidenti.



So‘nggi yillarda Turkiy davlatlar tashkiloti barqaror rivojlanish sur’atlarini namoyish etayotgan nufuzli tuzilmaga aylandi. Jumladan, 2025 yilda davlatlarimiz umumiy iqtisodiy salohiyati 2,4 trillion dollardan oshdi va uning dinamikasi global o‘sishdan ikki barobar yuqori bo‘ldi.

O‘tgan yilning o‘zida O‘zbekistonning TDT mamlakatlari bilan savdo aylanmasi 14 foizga o‘sdi. Joriy yildan Turkiy investitsiya jamg‘armasi operatsion faoliyatini boshladi. Markaziy banklar kengashi, «yashil» moliyalashtirish bo‘yicha Turkiy kengash ishi yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekiston rahbari oldinda ko‘p qirrali munosabatlarga tizimli tus berish bo‘yicha dolzarb vazifalar turganini qayd etdi.

«O‘lkalarimizda yashab ijod qilgan ulug‘ bobolarimiz – Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek algoritm, matematika, astronomiya va fizika fanlari ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shib, shu tariqa hozirgi sun’iy intellekt rivoji uchun asos yaratganlar. Biz ajdodlarimizning ana shunday bebaho merosiga tayanib, bugun Turkiy dunyoning yangi raqamli taraqqiyot davrini barpo etyapmiz», – dedi Shavkat Mirziyoyev.



Prezident o‘z nutqida ushbu yo‘nalishda hamkorlikni rivojlantirish uchun bir qator aniq tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, global texnologik jarayonlarni inobatga olgan holda tashkilot doirasida sun’iy intellekt sohasida strategik hamkorlik tarmog‘ini shakllantirish lozimligini ta’kidladi. Mazkur tashabbus kvant hisoblash texnologiyalari va yagona raqamli makonni yaratish orqali iqtisodiy o‘sishning yangi nuqtalarini belgilashga xizmat qiladi.

Shuningdek, mintaqaviy ma’lumotlar almashinuvini ta’minlovchi “Raqamli turkiy koridor konsepsiyasi”ni ishlab chiqish va Toshkent shahrida TDT a’zo davlatlarining Texnologiyalar forumini o‘tkazish taklif etildi.
Ilmiy-ma’naviy merosni puxta o‘rganish va targ‘ib etish uchun Toshkent shahrida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi mintaqaviy yirik ilmiy-ma’rifiy maskanga aylanib bormoqda. Shu kunlarda majmuada TURKSOYning ofisi ochildi.

«Ushbu markaz TURKSOY va Turkiy akademiya bilan tarixiy-madaniy manbalarimizni yagona “katta ma’lumotlar” platformasiga jamlasa, xalqlarimiz uchun foydali ish bo‘lar edi», – dedi Mirziyoyev.

Sammitda Yassaviy tariqatining bag‘rikenglik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini hamkorlikda chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish taklifi ham berildi. Yosh avlodni zamonaviy kasblarga tayyorlash maqsadida O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan «5 million sun’iy intellekt yetakchilari» dasturi yuqori baholanmoqda. Prezident yoshlarning startap loyihalarini moliyalashtirish uchun O‘zbekiston va Qozog‘iston tomonidan tashkil etilayotgan Qo‘shma venchur jamg‘armasiga a’zo davlatlarni qo‘shilishga chorladi.

Yuk tashish jarayonlarini soddalashtirish maqsadida a’zo davlatlar o‘rtasida “E-Permit” elektron ruxsatnomalar tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Strategik ahamiyatga ega bo‘lgan o‘rta koridorni ayni paytda qurilayotgan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li bilan bog‘lash hamda bojxona ma’lumotlari almashinuvini to‘liq raqamlashtirish bo‘yicha amaliy vazifalar belgilab berildi.

Iqlim o‘zgarishiga qarshi muvofiqlashtirilgan harakatlarni tashkil etish maqsadida 2027 yilni turkiy dunyoda «Tabiatni asrash yili» deb e’lon qilish tashabbusi ilgari surildi.

Shu bilan birga, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari asosida TDT iqlim xatarlarini monitoring qilib borish tizimini yaratish hamda qurg‘oqchilikni barvaqt aniqlash, transchegaraviy suv resurslarini boshqarish jarayoniga sun’iy intellektni tatbiq etish zarurligi qayd etildi.
Terrorizm, ekstremizm va kibertahdidlarga qarshi kurashishda mustahkam huquqiy va texnologik zamin yaratish maqsadida Kiberxavfsizlik va raqamli infratuzilmani himoya qilish bo‘yicha Turkiy alyansni tuzish taklifi berildi.

O‘zbekiston yetakchisi o‘z nutqi yakunida ta’kidlaganidek, intellektual salohiyat va birlikning uyg‘unligi Turkiy dunyoni barqaror taraqqiyot va ilg‘or yechimlar makoniga aylantiradi.

Sammit yakunida Turkiston deklaratsiyasi qabul qilindi.

Teglar

Mavzuga oid

Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlarni jipslashishga chaqirdi | Vaqt.uz