Aprelda uylar savdosi keskin tushib ketdi
Eskrou tizimi joriy qilingach ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni qariyb ikki barobarga pasaydi.

O‘zbekistonda aprel oyida 23,3 mingta ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimi rasmiylashtirildi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xabar bermoqda.
Taqqoslash uchun uy-joy savdosi orqali tuzilgan shartnomalar soni mart oyida 43,6 mingtani tashkil qilgandi. 1-apreldan naqdsiz to‘lovlar orqali ishlovchi eskrou tizimi yo‘lga qo‘yilgacha ko‘chmas mulk savdosi deyarli ikki barobar tushib ketgan.
Markaz tomonidan eskrou orqali tuzilgan shartnomalar alohida ko‘rsatilmagan. Markaziy bank eskrou tizimi yordamida aprel oyida 13,6 mingta ko‘chmas mulk shartnomalari tuzilganini ma’lum qilgandi.
Eskrou tizimi uy-joyga investitsiya kiritish shartnomalariga tadbiq etilmasligi belgilangan. Markaz va Markaziy bank hisob-kitoblaridagi farq shu bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Markaziy bank ma’lum qilishicha, eskrou tizimi orqali aprel oyida jami 33 273 ta shartnoma rasmiylashtirilgan. Bularning 19 660 tasi transport vositalari oldi-sotdisi bo‘lsa, 13 613 tasi ko‘chmas mulk bitimlari bo‘ldi.
Natijada, ko‘chmas mulk sotuvi martga nisbatan 3,2 barobarga kamayib ketdi. Uy-joy savdosi O‘zbekiston bo‘ylab so‘nggi 4 yilda hech qachon 15 mingtadan pasaymagandi.

13,6 mingtadan kamroq uy-joy savdosi 2020 yilning aprel oyida, pandemiya boshlanganda qayd etilgandi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining Vaqt.uz'ga ma’lum qilishicha, barcha avtotransport vositalari savdosi mart oyida 93,5 mingtani tashkil qilgan.
Eskrou tizimidan keyingi aprel oyidagi umumiy avtotransport oldi-sotdisi esa 4,7 barobarga kamayib ketdi. Avtomobil savdosi ham 2020 yil apreli — pandemiya davridan beri eng past ko‘rsatkichga tushdi.
Eskrou tizimi joriy etilishi bozor uchun qisqa muddatli «sovush jarayonini» yuzaga keltirdi. Pandemiya davridagi kabi savdolar keskin pasaydi — bu esa ishtirokchilarning yangi qoidalarga moslashishga ulgurmaganini ko‘rsatmoqda.
Aprelda narxlar qanday bo‘ldi?
O‘tgan oyda O‘zbekistondagi ikkilamchi uylar narxining yillik o‘sishi 8,5 foizni tashkil qildi. Bu martga nisbatan 1,5 foizga kamroq.

Narxlar o‘sishining eng yuqori sur’atlari Sirdaryo (20 foiz), Surxondaryo (16,5 foiz) va Buxoro (16,3 foiz) viloyatlarida kuzatildi.
Toshkent shahrida esa ikkilamchi bozorda yillik o‘sish 6,1 foizni tashkil qildi. Birlamchi bozorda bu ko‘rsatkich 8,8 foiz bo‘ldi.
Eski uylar ko‘proq Mirzo Ulug‘bek (9,2 foiz) Mirobod (9 foiz) va Chilonzor (8,3 foiz) tumanlarida qimmatlagan bo‘lsa, yangi uylar narxi Yunusobod (17,3 foiz), Mirzo Ulug‘bek (16,8 foiz) va Bektemir (11,3 foiz) tumanlarida ko‘proq oshdi.





