«Pushkin» bekatidan TTZgacha bo‘lgan metro yo‘nalishining qurilish sanasi aytildi
Transport vaziri Ilhom Mahkamov poytaxt metropolitenini rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilish yakunlari bo‘yicha tasdiqlangan prezident qarori loyihasi haqida gapirdi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamovning ma’lum qilishicha, «Pushkin» bekatidan «TTZ» (Toshkent traktor zavodi) mavzesigacha bo‘lgan yo‘nalishda loyihaviy va tayyorgarlik ishlari jadal olib borilmoqda. Bu haqda «Spot» nashri xabar berdi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yetti yilda ikkita yer osti bekati va ikkita yer usti metro liniyasi qurilishi hisobiga Toshkent metropolitenining uzunligi ikki baravarga oshdi. Bundan tashqari, qurilishi 1970-yillarda boshlangan metropolitenning eski qismini to‘liq rekonstruksiya qilish bo‘yicha uch yillik dastur qabul qilingan.
«Bundan tashqari, prezidentimiz kelajakda Toshkent metropolitenini rivojlantirish bo‘yicha yo‘nalishlarni tayyorlash, loyihaviy ishlarni tayyorlab borish bo‘yicha topshiriq berdi. Tayyorgarlik ko‘rib, loyiha institutlari bilan biz kengaytirish rejalarini amalga oshirib kelyapmiz. Pushkin bekatidan TTZ (sobiq Toshkent traktor zavodi — tahr.) yo‘nalishida metropoliten qurilishi bo‘yicha topshiriq ham berganlar, unga tayyorgarlik va loyihaviy ishlarni amalga oshiryapmiz», — dedi Mahkamov.
Uning ta’kidlashicha, loyiha ko‘chalar, yashil hududlar va yo‘lovchi oqimi nuqtai nazaridan batafsil o‘rganilgan. Uni ishlab chiqishga xalqaro maslahatchilar, metro sohasi mutaxassislari va tegishli idoralar ekspertlari jalb etilgan.
«Loyiha Pushkin (Salar) metro bekatidan TTZgacha metro liniyasini yotqizishni nazarda tutadi. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi TTZni yirik transport habiga aylantirish, G‘azalkent, Chirchiq yo‘nalishlarida qatnovchi yo‘lovchilar oqimini yaxshilash imkonini beradi. Axir bu kuniga 150 ming kishi degani. Mazkur loyiha poytaxtning transport arteriyalarini yengillashtirishga xizmat qiladi», — dedi vazir.
Mahkamovga ko‘ra, loyiha bo‘yicha qurilish ishlarini 15-iyundan boshlash topshirilgan.
«Qurilishga xalqaro tajribaga ega pudratchi tashkilotlarni jalb etish vazifasi yuklandi. Biz ushbu loyihani 2026 yil oxirigacha yakunlashni maqsad qilib qo‘yganmiz», — dedi Ilhom Mahkamov.
Loyiha haqida
So‘nggi yetti yil ichida Toshkent metropoliteni ikkita yangi yer usti va ikkita yer osti bekati hisobiga kengayib, uning umumiy uzunligi ikki baravarga oshdi. Hozirda hukumat oldida metroning jamoat transporti tizimidagi ulushini 50 foizdan oshirish vazifasi turibdi; shu bilan birga, 1970-yillarda qurilgan eski bekatlarni to‘liq modernizatsiya qilish bo‘yicha uch yillik maxsus dastur amalga oshirilmoqda.
Yangi «Pushkin — TTZ» yo‘nalishi 10,8 km uzunlikka ega bo‘lib, u 10 ta yangi bekat orqali 30 ta mahallani va 148 ming nafar aholini qamrab olishi rejalashtirilgan. Ushbu loyihaning asosiy strategik ahamiyati shundaki, u TTZ mavzesini yirik transport habiga aylantiradi va har kuni Chirchiq, Qibray va G‘azalkentdan poytaxtga keluvchi 140-150 ming nafar yo‘lovchi oqimini optimallashtirishga xizmat qiladi. Loyihaning qurilish ishlari joriy yilning 15-iyunidan boshlanishi va 2026 yil yakuniga qadar yakunlanishi belgilangan.





