O‘zbekistonliklar yo‘l haqi uchun eng ko‘p qaysi bank kartasidan foydalanmoqda?
O‘zbekistonda jamoat transportlarida bank kartalari orqali to‘lovlar 58 foizga oshib, 49,7 mln tranzaksiyaga yetdi.
© vaqt.uz2026-yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda jamoat transportida elektron to‘lovlardan foydalanish keskin oshdi. Bank kartalari orqali to‘lovlar kundalik hayotning ajralmas qismiga aylanib borayotgan bir paytda, ayrim banklar ushbu segmentda bozor ulushini sezilarli darajada kengaytirishga muvaffaq bo‘ldi, deb xabar bermoqda ATTO to‘lov tizimi axborot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, «Uzum bank» respublika bo‘yicha 19,8 foiz ulush bilan transport to‘lovlari bozorining mutlaq yetakchisiga aylangan. Bunda bank tomonidan jamoat transporti uchun karta orqali to‘lovlarda taqdim etilayotgan chegirma va bonuslar aholi orasida ushbu kartalar ommalashishiga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, «Uzum bank» kartalari respublikaning ko‘plab viloyatlarida ham peshqadamlik qilmoqda.

Ikkinchi o‘rinni «Ipoteka bank» egallab, uning ulushi 12,5 foizni tashkil qildi. «Ipak Yuli Bank» esa 11,4 foizlik ko‘rsatkich bilan kuchli o‘sish namoyish etdi. Ayniqsa, Farg‘ona viloyatida bankning bozor ulushi 38,6 foizga yetgani qayd etilmoqda. Shuningdek, Namangan va Samarqandda ham bankning pozitsiyalari mustahkamlangan.
Reytingda keyingi o‘rinlarni «Xalq banki» 8,8 foiz, «Milliy bank» 6,6 foiz va «Agrobank» 4,8 foiz ulush bilan egalladi. «Agrobank» ayniqsa Jizzax viloyatida yuqori faollik ko‘rsatgan.
Shu bilan birga, «TBC bank» 4,4 foiz, «Hamkorbank» 4 foiz, «SQB» 3 foiz va «Kapitalbank» 2,6 foiz ulush bilan TOP-10 ro‘yxatidan joy olgan.







