Logo

Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tartibi tasdiqlandi

Endi uy va boshqa ko‘chmas mulklarning qiymati yagona uslub asosida hisoblanadi. Natijalarni mulkdorlar onlayn ko‘rishi mumkin bo‘ladi.

Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tartibi tasdiqlandi

Adliya vazirligi ko‘chmas mulkni ommaviy baholash uslubiyotini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Yangi hujjat ko‘chmas mulk obyektlarining bozor narxiga yaqin qiymatini aniqlashning yagona tartibini belgilaydi.

Uslubiyotga ko‘ra, baholashda turar joylar, ko‘p kvartirali uylardagi xonadonlar va noturar obyektlar alohida guruhlarga ajratiladi. Hisob-kitoblarda bozor ma’lumotlari, amalga oshirilgan bitimlar, e’lonlar hamda narxga ta’sir qiluvchi boshqa omillar inobatga olinadi.

Shuningdek, hududlar bozor qiymatidan kelib chiqib narx zonalariga bo‘linadi va namunaviy obyektlar asosida ko‘chmas mulkning qiymati hisoblanadi.

Ko‘chmas mulk qanday baholanadi?

Hujjatga muvofiq, obyektlarning qiymati qiyosiy, xarajat yoki daromad yondashuvlari asosida aniqlanadi.

Bunda binolarning qurilgan yili, qurilish materiali, umumiy maydoni, qavati, joylashuvi hamda ta’mirlanganlik darajasi kabi mezonlar hisobga olinadi.

Yangi tizimning maqsadi ko‘chmas mulk qiymatini bozor tamoyillari asosida adolatli va shaffof belgilashdan iborat.

Natijalar ochiq e’lon qilinadi

Ommaviy baholash natijalari Kadastr agentligining rasmiy veb-sayti va axborot tizimlarida e’lon qilinadi. Mulkdorlar kadastr raqami orqali o‘z obyektlarining baholangan qiymati bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.

Baholash natijalari 90 kun davomida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi. Bu muddat ichida mulkdorlar taklif yoki e’tirozlarini bildirishi mumkin.

Agar shaxs baholash natijasidan norozi bo‘lsa, u vakolatli organga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.

Teglar

Mavzuga oid