Logo

«Korzinka»ning Xorazmga bormaslik sababi, «Perfectum»ga tikilayotgan 200 mln dollar va taqiqlanmagan ko‘chmas mulk «rassrochka»si — 19-avgust dayjesti

Bugun 23:033 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

«Korzinka»ning Xorazmga bormaslik sababi, «Perfectum»ga tikilayotgan 200 mln dollar va taqiqlanmagan ko‘chmas mulk «rassrochka»si — 19-avgust dayjesti

Nega Xorazm va Qoraqalpog‘istonda Korzinka yo‘q?

«Korzinka» asoschisi Zafar Hoshimov tarmoqning Xorazm va Qoraqalpog‘istonga hali kirmaganini asosan masofa va yuqori logistika xarajatlari bilan izohladi. Kompaniya 2018 yilda Nukusda supermarket ochishni ko‘rib chiqqan, ammo hisob-kitoblar do‘kon foydasining katta qismi tashish xarajatlariga ketishini ko‘rsatgan.

Hoshimovga ko‘ra, «Korzinka» Buxoro va Samarqandda faoliyatini kengaytirmoqda. Ushbu hududlarda savdo hajmi yetarli darajaga yetsa, alohida taqsimlash markazi tashkil qilinishi mumkin. Bu esa kelajakda tarmoqning Xorazm va Qoraqalpog‘istonga kirishini osonlashtiradi.

Qisqa muddatli ijara biznes uchun tahlikaga aylanmoqda — Zafar Hoshimov

«Korzinka» asoschisi Zafar Hoshimov tijorat binolari ijarasi uchun alohida huquqiy rejim joriy etishni taklif qildi. Uning aytishicha, tadbirkorlar ijaraga olingan joyga sarmoya kiritib, uni ta’mirlaydi va mijozlar bazasini shakllantiradi. Ammo qisqa muddatli shartnomalar, ijara haqining keskin oshirilishi yoki shartnomaning bekor qilinishi bu investitsiyalarni xavf ostida qoldirmoqda.

Hoshimov, shuningdek, ijara to‘lovlarining bir qismi rasmiy, bir qismi esa «konvert» orqali to‘lanishini tanqid qildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev mutasaddi idoralarga ikki oy ichida tijorat va ko‘chmas mulk ijarasi munosabatlarini takomillashtirish bo‘yicha aniq takliflar tayyorlashni topshirdi.

«Beeline Uzbekistan» egasi «Perfectum» loyihasiga 200 mln dollar kiritishi mumkin

O‘zbekistonlik tadbirkor va «Perfectum» investorlaridan biri Farhod Mamajonov telekommunikatsiya loyihasiga 200 million dollar investitsiya jalb qilish bo‘yicha «VEON» («Beeline Uzbekistan» egasi) xalqaro xoldingi bilan kelishuvga erishdi. Dastlab bu loyihaga Britaniyaning «Vodafone» kompaniyasini jalb qilish rejalashtirilgan edi, biroq keyinchalik reja o‘zgarib, Niderlandiyaning «VEON» kompaniyasi tanlangan. Yaqindagina «Perfectum» mobil operatorining 50 foiz ulushini sotib olgan tadbirkorning ta’kidlashicha, tomonlar iyun oyidayoq barcha asosiy kelishuvlarga erishgan va bitim imzolashga tayyor.

Ushbu bitimni to‘liq yakunlash uchun Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasining iqtisodiy konsentratsiya bo‘yicha xulosasi olinishi kerak. Xorazm viloyatida prezident Shavkat Mirziyoyev bilan o‘tkazilgan tadbirkorlar uchrashuvida ushbu masala ko‘tarilgach, davlat rahbari uni shaxsan o‘z nazoratiga olishini ma’lum qildi. Qo‘mita raisining ta’kidlashicha, hozirda mobil aloqa bozori o‘rganilmoqda va agar qo‘shimcha to‘siqlar yuzaga kelmasa, tegishli xulosa Tadbirkorlar kunigacha berilishi kutilmoqda.

Uylarni «rassrochka»ga sotib olish taqiqlanmaydi — Adliya vazirligi

Prezidentning yangi qaroriga muvofiq, 2027 yil 1-yanvardan boshlab muddatli to‘lov xizmatlari operatorlari orqali ko‘chmas mulkni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida xarid qilish cheklanadi. Ushbu o‘zgarish ijtimoiy tarmoqlarda «uylarni endi «rassrochka»ga olib bo‘lmaydi» degan tushunmovchiliklarni keltirib chiqardi. Adliya vazirligi bu xabarlarni rad etib, mazkur cheklov faqatgina vositachi bo‘lgan operatorlarga taalluqli ekanini ma’lum qildi.

Vazirlikning tushuntirishicha, yangi talablar fuqarolarning uy-joyni bevosita quruvchi kompaniyalarning o‘zidan muddatli to‘lovga sotib olish huquqini bekor qilmaydi. Quruvchilar o‘zlari barpo etgan ko‘chmas mulkni xaridorga to‘g‘ridan-to‘g‘ri «rassrochka» sharti bilan sotishda davom etishlari mumkin, chunki sotuvchi va xaridor o‘rtasidagi bunday to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdolar yangi cheklovlardan mustasno qilingan.

Sirdaryoda ayrim shahar va tumanlarning chegaralari o‘zgartirilishi mumkin

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan Sirdaryo viloyatidagi qator shahar va tumanlarning chegaralarini o‘zgartirish bo‘yicha qaror loyihasi ma’qullandi. Unga ko‘ra, Guliston tumanidan 527,23 gektar hamda Boyovut tumanidan 582 gektar yer maydoni Guliston shahri tarkibiga, shuningdek, Boyovut tumanidan 638,77 gektar yer maydoni Shirin shahri tarkibiga o‘tkazilishi ko‘zda tutilmoqda. Bundan asosiy maqsad — aholi eng zich joylashgan mazkur shaharlarda zichlikni kamaytirish, transport qatnovini yaxshilash va yangi sanoat loyihalari orqali investitsiyalarni jalb qilishdir.

Ushbu o‘zgarishlar doirasida o‘z tuman markazlaridan uzoqda, biroq shaharlarga tutash bo‘lgan Boyovut tumanidagi «Qarapchi» va «Yangi avlod», Guliston tumanidagi «Mevazor» va «Ishonch» mahallalari Guliston shahriga, Boyovutdagi «Shirin» mahallasi esa Shirin shahri tarkibiga kiritiladi. Viloyat hokimligi mas’ullarining ta’kidlashicha, yangi o‘tkazilayotgan jami 1748 gektar yer maydonining toifasi va belgilangan maqsadi o‘zgarmaydi, bunda qishloq xo‘jaligi yerlarini asrash va ekologik muvozanatni saqlashga qat’iy rioya qilinadi.

Teglar

Mavzuga oid

«Korzinka»ning Xorazmga bormaslik sababi, «Perfectum»ga tikilayotgan 200 mln dollar va taqiqlanmagan ko‘chmas mulk «rassrochka»si — 19-avgust dayjesti | Vaqt.uz