Mirziyoyev Zelenskiyni Ukraina Mustaqilligi kuni bilan tabrikladi
Shavkat Mirziyoyev Volodimir Zelenskiyga tabrik maktubi yo‘llab, Ukraina Mustaqilligining 35 yilligi bilan qutladi va unga «mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida muvaffaqiyatlar» tiladi.

Shavkat Mirziyoyev 24-avgust kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga tabrik maktubi yo‘llab, mamlakat Mustaqilligining 35 yilligi bilan tabrikladi. Bu haqda Zelenskiy o‘zining X sahifasida ma’lum qildi.
O‘zbekiston prezidenti ukrain tilida yozilgan maktubda Zelenskiyga «mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt, farovonlik va mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida muvaffaqiyatlar, Ukraina xalqiga esa tinchlik va ravnaq» tiladi.
«Bizning birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik rishtalari va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslangan munosabatlar bundan buyon ham izchil rivojlanib borishiga ishonchim komil», — deyiladi tabrikda.
Ukraina prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tabrigi uchun minnatdorlik bildirib: «Ukraina O‘zbekiston bilan an’anaviy do‘stlikni o‘ta qadrlaydi va ikki tomonlama hamkorlik, savdo hamda iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga sodiq qolmoqda. Prezident Mirziyoyevga mustahkam sog‘liq va muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston xalqiga esa tinch va farovon istiqbol tilayman», — dedi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham Ukraina xalqi va hukumatini Mustaqillik kuni bilan tabriklagandi.





