add

NATO sammiti kun tartibidan Ukrainani a’zolikka chaqirish va yordam masalasi chiqarib tashlandi

11.06.2025 | 17:1541863

24–25 iyun kunlari Niderlandiyaning Haaga shahrida o‘tadigan NATO sammiti uchun tayyorlangan loyiha kommyunikesida Ukraina haqidagi eng muhimi — a’zolik va katta miqdordagi yordam masalalari umuman tilga olinmagan.

NATO sammiti kun tartibidan Ukrainani a’zolikka chaqirish va yordam masalasi chiqarib tashlandi
Bloomberg xabariga ko‘ra, kommyunike loyihasi oddiy bir sahifadan iborat bo‘lib, asosiy e’tibor faqatgina harbiy xarajatlar miqdorini oshirishga qaratilgan. Unga ko‘ra, NATO a’zolari mudofaa xarajatlarini hozirgi 2 foiz o‘rniga 2032 yilgacha YAIMning 3,5 foizi darajasigacha yetkazishga, qo‘shimcha 1,5 foiz mablag‘lar infratuzilma, chegaralar va fuqarolarni inqirozlarga tayyorlash kabi xavfsizlik tadbirlariga sarflashga kelishib olmoqda. Loyihada Ukrainaga yillik 40 mlrd dollarlik yordam ajratish va uning NATOga a’zo bo‘lishiga oid hatto uzoq muddatli va’dalar ham berilmagan. Bu esa 2024 yilgi keng qamrovli va’daning mutlaq rad etilishi demakdir. Shunda ham, yirik yordam paketi aniq qaror bilan tasdiqlanmagan edi. Endi esa, NATO ushbu masalalarni umuman qo‘zg‘atmaslikka qaror qilgan. Rossiya esa kommyunikeda «Yevroatlantika xavfsizligiga tahdid» sifatida atalgan bo‘lsa-da, uni «agressor davlat» deb nomlash masalasi AQSHning qarshiligi tufayli chiqarib tashlangan. Donald Tramp ma’muriyati bunga o‘xshash bayonotlarni BMT hujjatlaridan ham olib tashlagandi. Sammitning o‘zi ham qisqa shaklda o‘tadi. Mark Ryuttening asosiy maqsadi — AQSHning NATOga sadoqatini ta’minlash va Trampga 5 foiz darajadagi harbiy xarajat talablarida «yutuq» hissini berishdir. Shundan kelib chiqib, sammitda faqat bir sessiya va rasmiy kechki ovqat rejalashtirilgan.  

Teglar

Mavzuga oid