add

Nipah virusi pandemiyaga aylanishi mumkinmi?

28.01.2026 | 20:204 daqiqa

So‘nggi paytlarda Hindistonda hayot uchun xavfli Nipah virusi avj olgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Nipah virusi eng xavfli viruslar qatoriga kirib, infeksiyalangan insonlarning to‘rttadan uchtasi vafot etishi mumkin. Xo‘sh, Nipah o‘zi qanday virus? Qay hollarda yuqadi? Virusning O‘zbekistonda tarqalish ehtimoli qanchalik yuqori?

Nipah virusi pandemiyaga aylanishi mumkinmi?

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda Hindistonda hayot uchun o‘ta xavfli bo‘lgan virus avj olib, yuzlab odamlar karantinga olinganligi haqida xabarlar tarqalmoqda. Dunyoda tez-tez tilga olinayotgan Nipah virusi eng xavfli infeksiyalar qatoriga kiradi. Yuqori o‘lim darajasi, to‘satdan paydo bo‘lishi va davosi yo‘qligi sababli u mutaxassislar va jamoatchilik e’tiborida. Xo‘sh, Nipah virusi aslida nima, u qanday tarqaladi va agar yuqqan bo‘lsa, nima qilish kerak? 

Nipah virusi haqida 

Nipah virusi (NiV) — o‘ta xavfli zoonoz virus hisoblanadi. U hayvonlardan insonlarga yuqishi mumkin. Virus bilan zararlangan insonlarning 40–75 foizi vafot etadi. Bu koronavirusga qaraganda o‘nlab marta yuqori ko‘rsatgich. Avstraliyada uchraydigan Hendra virusi bilan bir qatorda, Nipah virusi paramiksoviruslar oilasiga mansub henipaviruslar turkumining eng xavfli viruslaridan biri hisoblanadi. U insonlar va hayvonlarda asosan nevrologik, ko‘p hollarda nafas yo‘llari bilan bog‘liq kasalliklarni keltirib chiqaradi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Nipah virusini global epidemiya xavfi yuqori bo‘lgan kasalliklar ro‘yxatiga kiritgan. 

Virusining belgilari va yuqish yo‘llari

Pteropodidae oilasiga mansub, Okeaniya, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo hamda Afrika hududlarida keng tarqalgan mevaxo‘r ko‘rshapalaklar Nipah virusining tabiiy tashuvchilari hisoblanadi. Virus ushbu hayvonlar organizmida ularga zarar yetkazmagan holda yashaydi va ko‘payadi. 

Insonlarga quyidagi yo‘llar:

● ko‘rshapalak so‘lagi yoki siydigi bilan ifloslangan mevalarni iste’mol qilish; 

● cho‘chqa yoki ot kabi hayvonlar orqali; 

● kam hollarda insondan-insonga yaqin muloqot, ya’ni kasal odam bilan uzoq vaqt muloqotda bo‘lish, qon, peshob, so‘lak orqali yuqishi mumkin. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, insonlarda Nipah virusi infeksiyasi belgilari umuman sezilmasligi ham mumkin. Kasallikning inkubatsiya davri odatda 4-14 kungacha hisoblanadi. 

Virus asosan markaziy asab tizimini zararlaydi va o‘tkir ensefalit sindromi bilan namoyon bo‘ladi. Bu holat tutqanoqlar, ongning buzilishi va hushdan ketish bilan tavsiflanadi. Kasallik og‘irlashganda o‘pkalar zararlanib, hayot uchun xavfli o‘tkir nafas yetishmovchiligi sindromi kelib chiqishi mumkin.

Asosiy alomatlar:

● isitma;

● bosh og‘rig‘i;

● qusish;

● tutqanoq;

● hushdan ketish;

● nafas olish qiyinlashishi. 

Og‘ir holatlarda bemor komaga tushishi yoki vafot etishi mumkin.

Birinchi marta virus bilan zararlanganlar  

Nipah virusi bilan insonlarning birinchi zararlanishi 1998 yilda Malayziya va Singapurda qayd etilgan. U paytda cho‘chqachilik bilan shug‘ullanuvchi fermerlar va qassoblar virusni zararlangan cho‘chqalardan yuqtirgan. Ushbu epidemiya 300 nafardan ortiq insonni zararlab, 100 nafardan ziyod kishining o‘limiga sabab bo‘lgan.

2001 yildan beri Bangladeshda deyarli har yili Nipah virusi holatlari kuzatiladi. 2014 yilda Filippinda Nipah virusi zararlangan otlarni so‘yish va kasallangan ot go‘shtini iste’mol qilish orqali yuqtirilgan holatlar qayd etilgan. 

Hindistonda 2001 va 2007 yillarda G‘arbiy Bengaliyada ikki marta Nipah virusi tarqalgan. 2018 yilda esa Keralada ilk marta epidemiya qayd etilgan bo‘lib, 19 tasdiqlangan holatdan 17 tasi o‘lim bilan yakunlangan. Shundan beri Keralada deyarli har yili Nipah virusi bilan kasallanish holatlari kuzatilib kelinmoqda. 

Virusning davosi bormi? 

Hozircha Nipah virusiga qarshi maxsus dori yoki tasdiqlangan vaksina yo‘q. Shifokorlar keng ta’sir doirasiga ega virusga qarshi preparatlardan foydalanadi. Erta aniqlash va tezkor tibbiy yordam bemorning omon qolish ehtimolini oshiradi. 

Qanday oldini olish mumkin? 

Mutaxassislar tavsiyasiga ko‘ra, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, qo‘llarni sovun yoki antiseptik vositalar bilan tozalash, meva va sabzavotlarni iste’mol qilishdan avval yaxshilab chayish, tekshirilmagan suvni ichmaslik, ko‘rshapalaklar tirnagani yoki tishlagani ehtimoli bo‘lgan mevalarni iste’mol qilmaslik orqali kasallikning oldini olish mumkin. 

Agar virus yuqqan bo‘lsa, nima qilish kerak?

Eng muhimi — vahimaga tushmaslik. Agar yuqori harorat, kuchli bosh og‘rig‘i yoki boshqa kasallik belgilari paydo bo‘lsa, darhol shifokorga murojaat qilish kerak. O‘z vaqtida ko‘rilgan choralar virusning keng tarqalishining oldini oladi.

O‘zbekistonda ham tarqalishi mumkinmi?

Avvalroq Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov mamlakatda epidemiologik vaziyat barqaror ekanini, Nipah virusining O‘zbekiston hududida tarqalish ehtimoli juda pastligini ma’lum qilgandi.

 “Avvalo shuni aytish kerakki, mamlakatimizda Nipah virusi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqaror va xavotirlanishga hech qanday asos yo‘q. Boisi uning O‘zbekiston hududida tarqalish ehtimoli juda past”, — degan Otabekov.

Shu bilan birga, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ushbu virus dunyoda ham keng ko‘lamli epidemiya yoki pandemiya keltirib chiqarish ehtimoli yo‘qligini ta’kidlamoqda.

Shuningdek, Nurmat Otabekov ayni paytda yurtimizda epidemiologik vaziyatni barqaror saqlash hamda chetdan kirib kelishi mumkin bo‘lgan kasalliklarning oldini olish maqsadida 54 ta chegara punktida doimiy nazorat olib borilayotganini ham ma’lum qilgan.

Xulosa qilib aytganda, Nipah virusi o‘ta xavfli infeksiyalar qatoriga kirsa-da, uning keng ko‘lamli epidemiya yoki pandemiyaga aylanish ehtimoli past deb baholanmoqda.

Ayni paytda O‘zbekistonda epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lib, aholi salomatligi uchun jiddiy xavf mavjud emas. Shu bilan birga, fuqarolarga har qanday infeksiyaga nisbatan befarq bo‘lmaslik, asossiz xavotirga berilmaslik, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan tasdiqlanmagan xabarlarga ishonmaslik va salomatlik bilan bog‘liq har qanday shubhali holatda shifokorga murojaat qilish  tavsiya qilinmoqda.

 

 

Teglar

Mavzuga oid