Dam olish kunlari ayrim joylarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin
May oyining birinchi kunlarida O‘zbekistonda bahoriy ob-havo saqlanib, ko‘p hududlarda yomg‘ir va shamol kuzatilishi kutilmoqda.

May oyining dastlabki kunlarida O‘zbekiston bo‘ylab ob-havo o‘zgaruvchan bo‘ladi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dam olish kunlari respublika hududining katta qismida yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq kuzatiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida va Navoiy viloyati shimolida yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Buxoro viloyatida va Navoiy viloyati janubida asosiy yomg‘irlar bugun yog‘adi, 2-3-may kunlari esa faqat ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
1-mayda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi sekundiga 13-18 metrgacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
Juma kuni kunduzi havo harorati asosan +27...+30 daraja, dam olish kunlari esa +22...+25 daraja bo‘ladi. Shimoli-g‘arbiy hududlarda bugun eng salqin kun +20...+23 daraja atrofida bo‘lishi kutilmoqda, yakshanba kuniga borib esa havo harorati +27...+30 darajagacha ko‘tariladi.
Respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida 1-3-may kunlari vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda momaqaldiroq bilan kuzatiladi. Sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Toshkent shahrida bugun kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat +28...+30 daraja bo‘ladi.
Shanba va yakshanba kunlari vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat kechalari +13...+15 daraja, kunduz kunlari +22...+24 daraja bo‘ladi.
1-2-may kunlari shamol tezligi sekundiga 10-12 metrgacha kuchayishi, bugun kunduzi shaharning ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.





