Jizzaxda xalqaro FLTAL-2026 anjumani bo‘lib o‘tdi

Bugun 11:252 daqiqa

Ko‘p tilli ta’lim va zamonaviy pedagogikaga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda 24 davlatdan 200 ga yaqin olim va mutaxassislar ishtirok etdi.

Jizzaxda xalqaro FLTAL-2026 anjumani bo‘lib o‘tdi

Jizzax davlat pedagogika universitetida 29–30-aprel kunlari Xorijiy tillarni o‘qitish va amaliy lingvistika masalalariga bag‘ishlangan 16-FLTAL-2026 xalqaro anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjuman «Silk Road Global Institute», Jizzax davlat pedagogika universiteti hamda qator xorijiy va mahalliy oliy ta’lim muassasalari hamkorligida tashkil etilgan. Uning asosiy mavzusi ko‘p tilli ta’lim va zamonaviy pedagogika masalalariga qaratilgan.

Ishtirok etayotgan mutaxassislar

Tadbir doirasida dunyoning yetakchi universitetlari vakillari, jumladan pedagogika sohasida «QS» reytingida birinchi o‘rinni egallagan «University College London» mutaxassislari tomonidan plenar ma’ruzalar taqdim etildi.

Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri professor Qong‘irotboy Sharipov til bilish ko‘nikmalari zamonaviy ta’lim tizimining ajralmas qismiga aylanganini ta’kidladi. Uning fikricha, bunday xalqaro tadbirlar ilmiy hamkorlikni rivojlantirish va tajriba almashish uchun muhim platforma hisoblanadi.

JDPU rektori professor Maqsudjon Yuldashev esa mazkur anjuman universitetning xalqaro maydondagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qilayotganini qayd etdi. Shu bilan birga, anjuman raisi professor Azamat Akbarov ushbu tadbir 16 yil davomida turli davlatlarda o‘tkazilib, ilmiy hamkorlik muhitini shakllantirganini ta’kidladi.

Anjumunga qaysi davlatlar mezbonlik qilgan?

Ma’lumotlarga ko‘ra, anjuman ilk bor Yevropada va Qozog‘istonda o‘tkazilgan bo‘lsa, so‘nggi yillarda O‘zbekiston doimiy mezbonga aylangan. Jizzax davlat pedagogika universiteti esa 2023 yildan beri unga muntazam mezbonlik qilib kelmoqda.

Anjuman doirasida ma’ruzalar, muhokamalar va amaliy sessiyalar o‘tkazilib, ishtirokchilar xalqaro tajriba almashish imkoniga ega bo‘lmoqda. Tadbir yakunida xorijiy mehmonlar uchun Samarqand shahriga madaniy sayohat tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Mutaxassislar fikricha, bunday anjumanlar O‘zbekistonning ta’lim sohasidagi xalqaro nufuzini oshirish bilan birga, ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Teglar

Mavzuga oid