Ekologik huquqbuzarliklar uchun jarimalar qayta ko‘rib chiqiladi
Yangi takliflarga ko‘ra, tabiatga yetkazilgan zarar uchun jarimalar qayta ko‘rib chiqilib, ularni real zarar miqdoriga bog‘lash rejalashtirilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-aprel kuni tabiatni muhofaza qilish va ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va «yashil iqtisodiyot» tamoyillarini joriy etish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilgan. Biroq sanoat, qurilish, transport va kommunal sohalardagi tezkor rivojlanish ekologik talablarga rioya qilish ustidan nazoratni yanada kuchaytirish zaruratini keltirib chiqarmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda 47 mingdan ortiq ma’muriy huquqbuzarlik aniqlangan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 59 mingdan oshgan. Amaldagi tartibda jarimalar miqdori yetkazilgan zararga mutanosib emasligi ayrim korxonalarga jarima to‘lab, faoliyatni davom ettirishni ma’qul qilish imkonini bermoqda.
Yangi yondashuv: zararga mutanosib jazo
«Shu bois yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni qayta ko‘rib chiqish, ularni tabiatga yetkazilgan zarar miqdoriga bog‘lash va xalqaro amaliyotga yaqinlashtirish taklif etildi», — deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, daryo o‘zanlaridan noruda materiallarni noqonuniy qazib olish, suvlarni ifloslantirish, daraxtlarni kesish, atmosferaga ortiqcha chiqindilar tashlash, qurilish maydonlarida chang va qumning havoga ko‘tarilishiga yo‘l qo‘yish hamda chiqindilarni belgilanmagan joylarda yoqish kabi holatlar uchun ta’sirchan choralar joriy etiladi.
Yagona moliyaviy sanksiya mexanizmi
Shuningdek, ma’muriy jarima va ekologik zarar uchun kompensatsiya to‘lovini yagona moliyaviy sanksiyaga birlashtirish taklif qilinmoqda. Bunda korxona aybini tan olsa, chorani Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi qo‘llaydi, nizoli holatlarda esa masala sud orqali hal etiladi.





