Qirg‘izistonda Raqamli rivojlanish vazirligi tugatildi
Prezident farmoniga ko‘ra, Qirg‘izistonda Raqamli rivojlanish va innovatsion texnologiyalar vazirligi tugatilib, uning funksiyalari prezident ma’muriyati tarkibiga o‘tkazildi.
© akipressQirg‘izistonda raqamli rivojlanish va innovatsion texnologiyalar vazirligi tugatildi. Bu haqdagi farmonni prezident Sadir Japarov imzolagan, deb xabar berdi «Knews».
Vazirlik mamlakatni raqamlashtirish uchun javobgar edi. Farmonga ko‘ra, u prezident huzuridagi boshqaruv ishlari idorasi tarkibiga o‘tkaziladi.
Qaror «raqamli transformatsiyani jadallashtirish, elektron hukumat tizimini takomillashtirish, mahalliy dasturiy mahsulotlar va raqamli texnologiyalar bozorini rivojlantirish hamda respublika bo‘ylab IT-parklar tashkil etish» maqsadida qabul qilingan.
Vazirlik nima qilardi?
2025-yil mart oyida ushbu vazirlik qayta nomlanib, vakolatlari kengaytirilgan edi. U faqat raqamli xizmatlar va elektron imzo tizimini emas, balki innovatsion texnologiyalar, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik va sun’iy yo‘ldosh tizimlarini ham boshqargan.
Shuningdek, u arxiv ishi, raqamli ta’lim, elektron sog‘liqni saqlash va aholini ro‘yxatga olish kabi yo‘nalishlar bilan ham shug‘ullangan.





