O‘zbekiston matbuot erkinligi reytingida 147-o‘rinni egalladi

Bugun 11:103 daqiqa

«Chegarasiz muxbirlar»ning yangi hisobotiga ko‘ra, 2026-yilda 180 mamlakatdan 100 tasida jurnalistlar uchun sharoitlar yomonlashgan va ilk bor davlatlarning yarmidan ko‘pi «qiyin» toifaga tushgan.

O‘zbekiston matbuot erkinligi reytingida 147-o‘rinni egalladi © news.utexas.edu

«Chegarasiz muxbirlar» (Reporters Without Borders) 25-marotaba Jahon matbuot erkinligi indeksini e’lon qildi. Yangi reyting jurnalistika uchun global sharoitlar yomonlashayotganini ko‘rsatmoqda.

Tahlilga ko‘ra, dunyo bo‘ylab siyosiy bosim kuchaymoqda, avtoritar tendensiyalar o‘smoqda va media bozori zaiflashib bormoqda. Shu fonda ayrim ijobiy o‘zgarishlar kuzatilgan bo‘lsa-da, umumiy manzara tashvishli.

2026-yilgi hisobotda 180 ta mamlakat va hududdan 100 tasida matbuot erkinligi ko‘rsatkichlari pasaygani qayd etildi. Bu esa jurnalistlar uchun ish sharoiti ko‘plab mintaqalarda yomonlashayotganini anglatadi. Hisobotda holat mintaqalar kesimida tahlil qilinib, har bir hududdagi asosiy tendensiyalar va muammolarga alohida e’tibor qaratilgan.

Yevropa va Markaziy Osiyo

Yevropa Ittifoqida «European Media Freedom Act» kuchga kirganiga qaramay, ayrim a’zo davlatlar hali ham uning talablarini to‘liq bajarayotgani yo‘q. Yevropa mamlakatlari odatda reytingda yetakchi o‘rinlarni saqlab qolgan bo‘lsa-da, umumiy manzara aralashligicha qolmoqda. Masalan, Estoniya matbuotga siyosiy bosim sabab 2-o‘rindan 3-o‘ringa tushgan.

«Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo esa hanuz qattiq cheklovlar mavjud bo‘lgan rejimlar bilan ajralib turadi. Xususan, Belarus (165-o‘rin), Ozarboyjon (171-o‘rin), Rossiya (172-o‘rin) va Turkmaniston (173-o‘rin) dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan biriga ega, ayniqsa huquqiy indikator bo‘yicha (100 balldan 22–32 oralig‘ida).

Bundan farqli ravishda, Ukraina (55-o‘rin) davom etayotgan urushga qaramay, biroz yaxshilanishni namoyon etgan», – deyiladi hisobotda.

O‘zbekiston

O‘zbekiston so‘z erkinligi reytingida 180 davlat orasida bilan 147- o‘rinda qayd etilgan. Bu 2025-yildagi ko‘rsatkichdan bir pog‘ona yuqorilash, biroq mamlakat to‘plagan ballar 35,24 dan 34,95 gacha pasaygan. O‘rinning bir pog‘ona yaxshilangani boshqa davlatlarda so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyat yanada yomonlashgani bilan bog‘liq.

Reytingdagi iqtisodiy va xavfsizlik bo‘yicha to‘plangan ballar yaxshilangan, siyosiy va ijtimoiy, shuningdek, huquq indikatorlari esa yomonlashgan.

Dunyodagi umumiy holat

Jahon matbuot erkinligi indeksi tarixida ilk bor dunyo mamlakatlarining yarmidan ko‘pi matbuot erkinligi bo‘yicha «qiyin» yoki «juda jiddiy» toifalarga tushdi. 25 yil ichida indeks qamrab olgan 180 ta mamlakat va hududning o‘rtacha ko‘rsatkichi hech qachon bu qadar past bo‘lmagan.

photo_2026-04-30_11-24-14

2001-yildan beri, ayniqsa milliy xavfsizlik siyosatiga bog‘liq bo‘lgan cheklovchi qonunchilikning kengayishi axborot olish huquqini izchil ravishda zaiflashtirib kelmoqda – hatto demokratik davlatlarda ham. Oxirgi yilda indeksning huquqiy indikatori eng ko‘p yomonlashdi, bu esa jurnalistika dunyo bo‘ylab tobora ko‘proq jinoyat sifatida qaralayotganini ko‘rsatadi.

Amerika qit’asida ham vaziyat sezilarli o‘zgargan: AQSH 7 pog‘onaga tushgan, Lotin Amerikasidagi bir qator davlatlar esa zo‘ravonlik va bosim kuchayib borayotgan muhitga yanada chuqurroq kirib bormoqda.

«So‘nggi 25 yilga nazar tashlar ekanmiz, bu faqat o‘tmishni tahlil qilish emas, balki kelajakka qarab savol berishdir: jurnalistika bo‘g‘ilishi, muxbirlarga tizimli to‘siqlar qo‘yilishi va matbuot erkinligining susayishiga yana qancha toqat qilamiz?

Hozirgi himoya mexanizmlari yetarli emas; xalqaro huquq zaiflashmoqda va jazosizlik keng tarqalgan. Bizga qat’iy kafolatlar va samarali sanksiyalar kerak. To‘p demokratiyalar va ularning fuqarolari maydonida. Matbuotni o‘chirishga urinayotganlarga qarshi turish aynan ularning vazifasidir. Avtoritarizmning tarqalishi muqqarrar emas» – deydi «Chegarasiz muxbirlar» tahririyati direktori Ann Bokande.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekiston matbuot erkinligi reytingida 147-o‘rinni egalladi | Vaqt.uz