O‘zbekiston va Ozarboyjon yetakchilari qadimiy Buxoro obidalarini ziyorat qildi
Ismoil Somoniy maqbarasidan boshlangan sayohat Ark qal’asi, Poyi Kalon majmuasi, shuningdek, Ko‘kaldash va Nodir Devonbegi madrasalari joylashgan Labi Hovuz ansambli bilan davom etgan.
© Foto: president.uzO‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev va Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev rafiqalari hamrohligida Buxoroning jahonga mashhur tarixiy obidalarini ziyorat qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, oliy martabali mehmonlar Somoniylar maqbarasi, Ark qo‘rg‘oni, Poyi Kalon va Labi Hovuz majmualari hamda Ko‘kaldosh madrasasida bo‘lgan.
«Oliy martabali mehmonlarga ushbu noyob obidalarning tarixi, me’moriy xususiyatlari hamda Sharqda ilm-fan, madaniyat va shaharsozlik rivojidagi ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi», — deyiladi xabarda.
Tarixiy majmualar bo‘ylab sayohat
Matbuot xizmatining qayd etishicha, tashrif Ismoil Somoniy tomonidan barpo etilgan va 1993 yilda YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Somoniylar maqbarasidan boshlangan.
Shundan so‘ng yetakchilar ko‘p asrlar davomida Buxoroning siyosiy va ma’muriy markazi bo‘lib kelgan qadimiy Ark qal’asiga tashrif buyurgan.
Shuningdek, mehmonlar Markaziy Osiyoning eng salobatli me’moriy majmualaridan biri — Poyi Kalon majmuasida bo‘lgan.
«1127 yilda bunyod etilgan mashhur Kalon minorasi majmuaning eng e’tiborli inshooti bo‘lib, asrlar davomida nafaqat Buxoro me’morchiligi namunasi, balki shaharning haqiqiy «tashrif qog‘ozi» bo‘lib xizmat qilib kelmoqda», — deya ta’kidlanadi nashr xabarida.
Oliy martabali mehmonlarda qadimiy hovuz atrofida qurilgan va eski Buxorodagi eng mashhur jamoat maskanlaridan biri hisoblangan Labi Hovuz majmuasi ham katta taassurot qoldirgani qayd etilgan.
Xabarga ko‘ra, bu yerda Ko‘kaldash madrasasi, Nodir Devonbegi madrasasi va xonaqohi joylashgan bo‘lib, shaharning ushbu go‘shasi o‘rta asrlardagi Buxoroning betakror muhitini bugungi kungacha saqlab qolgan.
Tashrif davomida mehmonlarga xalq hunarmandchiligi namunalari hamda tarixiy obidalarga tushirilgan badiiy bezaklarning xususiyatlari namoyish etilgan.
Ozarboyjonlik mehmonlarga Buxoroning Buyuk Ipak yo‘lidagi islom sivilizatsiyasining eng yirik ilm-fan, ta’lim va savdo markazlaridan biri sifatidagi ko‘p asrlik tarixi haqida so‘zlab berilgan.





