O‘zbekistonda aylanmasi 1 trln so‘mdan oshgan 20 ta qurilish kompaniyasi paydo bo‘ldi

Bugun 17:012 daqiqa

Shavkat Mirziyoyev 500 dan ziyod developer, quruvchi, loyihachi, arxitektor va urbanistlar bilan yig‘ilish o‘tkazmoqda. Uchrashuvda yer, kredit kabi asosiy masalalari hal bo‘lgan tadbirkorlar qurilishni boshlash bosqichda to‘siqlarga uchrayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

O‘zbekistonda aylanmasi 1 trln so‘mdan oshgan 20 ta qurilish kompaniyasi paydo bo‘ldi © Фото: Президент матбуот хизмати

O‘zbekistonda aylanmasi 100 milliard so‘mdan o‘tgan 365 ta yirik qurilish kompaniyasi paydo bo‘ldi. Bu haqda bugun, 14-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Respublika va viloyat studiyalaridan yig‘ilishda 500 dan ziyod developer, quruvchi, loyihachi, arxitektor va urbanistlar ishtirok etmoqda. Davlat rahbari barcha tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish bo‘yicha belgilab olingan katta marralarga erishishda qurilish sohasining alohida o‘rni borligini ta’kidladi.

Qurilish korxonalari

Bildirilishicha, so‘nggi to‘qqiz yilda 10 mingga yaqin yangi qurilish korxonalari ish boshlagan, aylanmasi 1 trillion so‘mdan oshgan 20 ta, 100 milliard so‘mdan o‘tgan 365 ta yirik kompaniyalar paydo bo‘lgan. Loyiha tashkilotlari 2 mingdan, ulardan xalqaro sertifikat olganlari 650 dan oshgan.

Shuningdek, qurilishda ruxsat berish bosqichi 3 karra, muddati 4 karra qisqargan, 420 ta shaharsozlik norma va qoidalarini birlashtirish, eskilarini bekor qilish hisobiga 140 ta yangi shaharsozlik norma va qoidalari tasdiqlangan.

Ishlar hajmi va aholi bandligi

Mazkur ishlar natijasida o‘tgan davrda 210 million kvadrat metrli bino-inshoot, 647 ming xonadonli 15 mingdan ortiq ko‘p qavatli uylar barpo etilgan. Qurilish ishlari hajmi 2016-yilda 30 trillion so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 314 trillion so‘mga yetgan.

Bugun qurilish, qurilish materiallari va ularga yondosh sohalarda 3,5 million aholi band.

Muammolar muhokamasi

Dunyoda qurilish industriyasi shiddat bilan o‘zgaryapti, sohaga zamonaviy loyiha yechimlari, yangi texnologiya va standartlar kirib kelmoqda. Prezident mamlakatdagi qurilish tizimi bugungi o‘zgarishlarga qanchalik mosligi, soha rahbarlari zamon talab qilayotgan tezkorlik va sifat bo‘yicha mas’uliyatni his qilayotgani, seysmologiya va zilzilabardoshlik bo‘yicha xavflarni inobatga olib, yangi yechimlar ishlab chiqilayotgani borasida savollar ko‘pligini qayd etildi.

Tadbirkorlik uchun yiliga 6,5 ming gektar yer, 600 ming kvadrat metrli bino-inshootlar savdoga chiqarilmoqda, kichik va o‘rta biznes uchun 140 trillion so‘m resurs berilmoqda. Lekin yer, kredit kabi asosiy masalalari hal bo‘lgan tadbirkorlar qurilishni boshlash bosqichda to‘siqlarga uchrayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Tadbirkorlarning hali aktivga aylanmagan yeriga soliq, kreditiga foiz hisoblanyapti, lekin byurokratiya, korrupsiya, sansalorlik ko‘pligi uchun qurilishni boshlash oylab, yillab cho‘zilayotgani tanqid qilindi. Shu bois, soha vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, mingdan ortiq quruvchi va loyiha tashkilotlarining takliflari olindi. Yig‘ilishda ushbu taklif va tashabbuslar asosida ishlab chiqilgan yangi chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Teglar

Mavzuga oid