Logo

O‘zbekistonda oltinsiz eksport qariyb 30 foizga oshdi

2026-yilning birinchi yarmida oltin hisobga olinmagan eksport hajmi 29,4 foizga oshib, 6,5 mlrd dollarni tashkil etdi. Shu davrda tovarlar umumiy eksporti oltin sotuvining kamayishi hisobiga 8,8 foizga qisqarib, 15,9 mlrd dollarga tushgan.

O‘zbekistonda oltinsiz eksport qariyb 30 foizga oshdi © Sputnik

Osiyo taraqqiyot bankining (ADB) 2026-yil sentabr oyidagi Asian Development Outlook hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda eksportdagi o‘zgarishlarda oltin savdosi muhim rol o‘ynagan. Joriy yilning dastlabki olti oyida tovarlar eksporti 8,8 foizga kamayib, 15,9 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, oltinsiz eksport aksincha 29,4 foizga oshgan.

Xizmatlar eksportida ham sezilarli o‘sish kuzatilgan. Uning hajmi 2026-yilning birinchi yarmida 34,9 foizga oshib, 4,6 mlrd dollarga yetgan. Osiyo taraqqiyot banki xizmatlar eksportining o‘sishi va pul o‘tkazmalarining ko‘payishi tashqi savdo taqchilligi bosimini biroz kamaytirganini qayd etgan. Shu bilan birga, import hajmi joriy yilning birinchi yarmida 21 foizga oshib, 25,1 mlrd dollarni tashkil qilgan. Natijada tashqi savdo taqchilligi bir yil avvalgi 3,2 mlrd dollardan 9,3 mlrd dollargacha kengaygan.

Hisobotda qayd etilishicha, tashqi savdodagi bu o‘zgarishlarga qaramay, O‘zbekiston iqtisodiyotida o‘sish sur’atlari yuqori bo‘lib qolgan. Mamlakat yalpi ichki mahsuloti 2026-yilning birinchi yarmida 8,5 foizga oshgan.

Iqtisodiy o‘sishdagi asosiy yo‘nalishlar

 

Iqtisodiy o‘sishda xizmatlar sohasi, qurilish va sanoatdagi yuqori sur’atlar muhim rol o‘ynagan. Ayrim asosiy tarmoqlardagi o‘sish quyidagicha bo‘lgan:

1

Investitsiyalar ham iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlagan. 2026-yilning birinchi yarmida asosiy kapitalga kiritilgan mablag‘lar 17,5 foizga oshgan, 2025-yilning shu davrida esa o‘sish 5,5 foiz edi. ADB bu o‘sishni energetika, ishlab chiqarish, transport va uy-joy qurilishidagi yirik loyihalar bilan bog‘lagan. Shuningdek, aholi va davlat xarajatlari ham oshgan. Uy xo‘jaliklarining yakuniy iste’moli 23,8 foizga, davlat iste’moli esa 30,9 foizga oshgan. ADB’ga ko‘ra, ichki talabning yuqori bo‘lishi inflatsiyani tushirishga to‘sqinlik qilishi mumkin.

 

Inflatsiya sekinlashdi

Inflatsiya bo‘yicha esa umumiy ko‘rsatkich pasaygan. 2026-yilning birinchi yarmida iste’mol narxlari 3,3 foizga oshgan. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 4,2 foiz edi. Yillik inflatsiya iyun oyida 6,4 foizni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davridagi 8,7 foizdan past bo‘lgan. Inflatsiyaning pasayishida xizmatlar narxlarida o‘sish sur’atining sekinlashishi asosiy sabablaridan bo‘lgan. Xizmatlar narxi o‘tgan yili 10,7 foizga oshgan bo‘lsa, bu yil 4,1 foizni tashkil etdi. Oziq-ovqat va boshqa tovarlarda esa aksincha, narxlar o‘sishi tezlashgan.

Iyun oyida elektr energiyasi tariflari o‘rtacha 9,6 foizga, tabiiy gaz tariflari esa 10,7 foizga oshirilgan. ADB bu o‘zgarishlar yilning qolgan qismida transport, logistika va boshqa xizmatlar narxiga ham ta’sir qilishi mumkinligini bildirgan. Shu sababli bank O‘zbekiston uchun 2026-yil yakunidagi inflatsiya prognozini avvalgi 6,5 foizdan 6,7 foizgacha oshirgan. 2027-yil uchun esa prognoz 5 foiz darajasida saqlab qolingan.

O‘zbekiston iqtisodiyoti yilning dastlabki olti oyida 8,5 foizga o‘sgan bo‘lsa-da, ADB butun 2026-yil uchun o‘sish sur’atini 7 foiz deb prognoz qilmoqda. Bank avvalgi prognozini 6,7 foizdan 7 foizgacha oshirgan. 2027-yil uchun esa iqtisodiy o‘sish 6,8 foiz bo‘lishi kutilmoqda.

Fiskal siyosat bo‘yicha ADB ehtiyotkor yondashuv davom etishini kutmoqda. 2027–2029-yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiyada 2026-yil uchun budjet taqchilligi YAIMning 3 foizi darajasida bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Infratuzilma va ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish esa davom etadi.

Inflatsiya bosimini kamaytirish uchun Markaziy bankning qat’iy pul-kredit siyosatini davom ettirishi kutilmoqda. ADB’ga ko‘ra, bu siyosat narxlar o‘sishini jilovlash va inflyatsion kutilmalarni barqarorlashtirishga qaratiladi.

 

Iqtisodiyot uchun qanday xatarlar bor?

ADB O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun bir qator tashqi va ichki xatarlarni qayd etgan. Yirik savdo hamkorlaridagi iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi, geosiyosiy keskinlikning kuchayishi, savdo va logistika tarmoqlaridagi uzilishlar hamda xomashyo narxlarining o‘zgarishi mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sir qilishi mumkin.

Xalqaro moliyalashtirishning qimmatlashishi tashqi talab, pul o‘tkazmalari va investitsiyalarga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Ichki talabning yuqori bo‘lishi esa inflatsiyani pasaytirishni qiyinlashtiradi.

Teglar

Mavzuga oid