Logo

«BlackRock» 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazini ishga tushirishga ko‘maklashadi

Bugun 11:212 daqiqa

Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashib, 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazini ishga tushirish va AQSH investorlari bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

«BlackRock» 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazini ishga tushirishga ko‘maklashadi © Saida Mirziyoyeva Telegram kanali

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 24-sentabr kuni Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashib, Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish va AQSH investorlari bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuvda «BlackRock» kompaniyasi prezidenti Robert Kapito qatorida vitse-rais Tomas Donilon, «Global Infrastructure Partners» raisi va bosh ijrochi direktori Adebayo Ogunlesi, shuningdek, «BlackRock»ning moliyaviy va strategik investorlar guruhi global rahbari hamda Yaqin Sharq bo‘yicha rahbari Charlz Xatami ishtirok etgan.

Muloqotning asosiy mavzularidan biri 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasi bo‘lgan.

«Muloqot davomida 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qildik. «BlackRock» ushbu Markaz konsepsiyasi va tuzilmasini ishlab chiqishda ko‘maklashmoqda», deb yozadi Mirziyoyeva.

AQSH biznesmenlari bilan muhokama

Uchrashuvlar doirasida AQSH ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida qo‘shma davra suhbati ham o‘tkazilgan.

Unda O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning yaqin o‘n yilliklarga mo‘ljallangan rivojlanish istiqbollari, shuningdek, mintaqaga sarmoya jalb qilish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashilgan.

Saida Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, O‘zbekiston yirik, samarali va sifatli sarmoyalar uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda.

«BlackRock» kompaniyasi rahbarlari O‘zbekistonga tashrifi

Yeslatib o‘tamiz, iyul oyida «BlackRock» kompaniyasi rahbarlari O‘zbekistonga tashrifi doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lgan.

«BlackRock» direktorlar kengashi a’zosi va katta boshqaruvchi direktori Adebayo Ogunlesining ma’lum qilishicha, tomonlar gazni suyuq yoqilg‘iga aylantirish (GTL) loyihasi hamda O‘zbekistonda xalqaro moliyaviy markaz tashkil etish tashabbusini ham muhokama qilgan.

Shuningdek, «BlackRock» sun’iy intellekt infratuzilmasi, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari va ularni boshqaruvchi kompaniyalarga sarmoya kiritish rejalari ustida ishlamoqda.

Adebayo Ogunlesi O‘zbekistonni investitsiya kiritish uchun jozibador mamlakat deb atagan. Yaqinda bo‘lib o‘tgan «Toshkent xalqaro investitsiya forumi»da AQSHning 200 dan ortiq kompaniyasi ishtirok etgani mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga qiziqish yuqori ekanini ko‘rsatadi.

Uning fikricha, «BlackRock» O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning yeng jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotlaridan biri, mintaqaga chiqish darvozasi va Sharq hamda G‘arbni bog‘lovchi muhim ko‘prik sifatida baholaydi.

Teglar

Mavzuga oid