Logo

Prezident administratsiyasi haqidagi qonun, AQSHning O‘zbekistonga e’tirozi va 7 baravar ko‘proq pul o‘tkazmalari — 14-avgust dayjesti

Kecha 23:002 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Prezident administratsiyasi haqidagi qonun, AQSHning O‘zbekistonga e’tirozi va 7 baravar ko‘proq pul o‘tkazmalari — 14-avgust dayjesti

O‘zbekistonda bolaga otasining ismini familiya sifatida qo‘yishga ruxsat berildi

O‘zbekistonda ota-onalarga farzandiga familiya tanlashda yangi imkoniyat berildi. Endi bolaga otasining ismi yoki ota-onaning xohishiga ko‘ra bobosining ismi familiya sifatida berilishi mumkin.

Tegishli o‘zgartirishlar 13-avgust kuni Prezident imzolagan qonun bilan Oila kodeksiga kiritildi. Avval bunday tartib qonunchilikda nazarda tutilmagan edi.

Shavkat Mirziyoyev Prezident administratsiyasi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonunni imzoladi

Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonunni imzoladi. Hujjatda administratsiyaning huquqiy maqomi, vazifalari, vakolatlari va faoliyatini tashkil etish tartibi belgilab berildi.

Qonun 4 ta bob va 34 ta moddadan iborat bo‘lib, administratsiyaning amaldagi vakolatlari doirasida prezident faoliyatini ta’minlashning konstitutsiyaviy mexanizmlari qonunda huquqiy jihatdan rasmiylashtirildi.

AQSH O‘zbekistonni Xitoyga Tramp bojlaridan qochishga yordam berishda aybladi

AQSH O‘zbekistonni ham Xitoy mahsulotlarini Amerika bozoriga boji pastroq davlatlar orqali yo‘naltirishda gumon qilinayotgan 40 dan ortiq davlat qatoriga kiritdi.

Oq uy hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarboyjon va Gruziya kabi davlatlar orqali Xitoy mahsulotlarining qayta eksporti amalga oshirilmoqda. Vashington bu orqali umumiy qiymati 60 mlrd dollarlik savdoda AQSH bojlarini chetlab o‘tish imkoni yaratilganini bildirgan.

2027 yildan sudlar tizimida yangi tartib joriy etiladi

O‘zbekistonda sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish, murojaatlarni qabul qilish va raqamli xizmatlardan foydalanish tartibi o‘zgaradi. «Odil sudlov – 2030» strategiyasi doirasida 57 ta vazifa va 33 ta maqsad belgilandi.

2027 yil 1-iyuldan 5 ta hududlararo sud tashkil etilib, quyi sudlar qarorlarini taftish tartibida qayta ko‘rib chiqadi. Sudga noto‘g‘ri yuborilgan arizalar qaytarilmay, tegishli sudga o‘tkaziladi. Barcha sudlarda yagona «darcha» orqali axborot olish va murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.

O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari chetga yuborilganidan 7 baravar ko‘p bo‘ldi

2026 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonga xorijdan 9,3 mlrd dollar pul o‘tkazildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13 foizga oshgan.

Shu davrda O‘zbekistondan xorijga yuborilgan mablag‘lar 1,3 mlrd dollarni tashkil etib, 8 foizga ko‘paygan. Natijada mamlakatga kirib kelgan va chiqib ketgan pul o‘tkazmalari o‘rtasidagi farq 8 mlrd dollarga yetdi.

Teglar

Mavzuga oid

Prezident administratsiyasi haqidagi qonun, AQSHning O‘zbekistonga e’tirozi va 7 baravar ko‘proq pul o‘tkazmalari — 14-avgust dayjesti | Vaqt.uz