Prezident biznes hamjamiyatini Tadbirkorlar kuni bilan tabrikladi
Ayni damda Shavkat Mirziyoyev Xorazmda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazmoqda.
© Prezident matbuot xizmatiShavkat Mirziyoyev Xorazmda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazmoqda. Qayd etilishicha, bugungi anjumanda ilk bor tuman studiyalaridan ham 25 mingga yaqin tadbirkor ishtirok etmoqda.
Mirziyoyev yurtimiz iqtisodiy qudratini mustahkamlashga faol hissa qo‘shayotgan 1 million 200 minglik biznes hamjamiyatini Tadbirkorlar kuni bilan tabrikladi.
Ta’kidlanishicha, besh yil oldin tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazish an’anasi boshlanganidan buyon biznesga to‘siq bo‘lgan minglab masalalarga yechim berilgan. Bu borada 84 ta qonun, 861 ta farmon va qaror qabul qilingan.
«Nima uchun? Tadbirkorlarimizga sharoit yaratib, yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish, odamlarimizni uzoqqa bormasdan, mahallasining o‘zida daromadli qilish uchun!» — dedi Prezident
O‘tgan davrda biznes uchun ajratilgan kredit portfeli qariyb 3 karra oshib, 450 trillion so‘mga yetdi. Tadbirkorlar 650 trillion so‘mlik soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalandi.
Ko‘plab biznes vakillari xorijiy banklardan o‘z loyihalariga mustaqil ravishda 1 milliard dollar jalb qildi. Davlatimiz rahbari buni tadbirkorlarimiz zabt etgan yana bir ulkan marra sifatida baholadi.
«Bugun tadbirkorlarimiz «biznesni boshlash» bosqichidan «kapitalni ko‘paytirish» bosqichiga o‘tyapti» – dedi davlat rahbari.
So‘nggi besh yilda korxonalarning asosiy kapitalga kiritgan investitsiyalari uch barobar ko‘payib, 363 trillion so‘mga yetdi. Yillik sanoat hajmi 100 million dollardan oshgan tumanlar soni 66 tadan 116 taga ko‘paydi.
Axborot texnologiyalari, fintex va boshqa servis sohalarining jadal o‘sishi natijasida xizmatlar hajmi 1 trillion so‘mdan oshgan tumanlar soni 41 tadan 152 taga yetdi. Xalqaro marketpleyslar bilan ishlayotgan korxonalar soni esa 3,5 mingtani tashkil qildi.
Shuningdek, o‘z biznesini mahallada boshlab, keyinchalik mamlakat bo‘ylab o‘nlab filiallar ochgan tadbirkorlar soni 550 tadan, milliy brendini yaratganlar esa 300 tadan oshdi.
Yangi sohalar shakllandi
So‘nggi yillarda mis, oltin, metall prokat, polietilen, PVX va kaolin kabi xomashyolar taklifi kengaytirildi. Bu elektrotexnika, qurilish materiallari, farmatsevtika, to‘qimachilik va mebelsozlik kabi sohalarning jadal rivojlanishiga turtki berdi.
Shu bilan birga, elektromobil, polimer va maishiy kimyo, «yashil» energetika hamda zargarlik sanoati kabi yangi yo‘nalishlar shakllandi. «BYD», «ADM Jizzakh» va «Sirdaryo Asaka Motors» kabi zamonaviy avtomobil zavodlari sohaga yangi texnologiya va kompetensiyalarni olib kirdi.
Prezident, shuningdek, ko‘plab mahalliy tadbirkorlar o‘z loyihalarini moliyalashtirish uchun xorijiy banklardan mustaqil ravishda 1 milliard dollar jalb qilganini qayd etib, buni biznes hamjamiyati erishgan muhim natijalardan biri sifatida baholadi.





