add

Rossiya Afg‘onistondan migrantlarni jalb qilmoqchi

Rossiya va Afg‘oniston afg‘on mehnat migrantlarini jalb etish masalasini muhokama qilmoqda. Kobul Rossiyaga kadrlar tanqis bo‘lgan sohalar uchun malakali mutaxassislarni yo‘naltirishni rejalashtirmoqda.

Rossiya Afg‘onistondan migrantlarni jalb qilmoqchi

Moskva va Kobul Afg‘onistondan mehnat migrantlarini jalb etish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda Afg‘onistonning Rossiyadagi elchisi Gul Hasanga tayanib, «TASS» agentligi xabar berdi.

«Mehnat migratsiyasi masalasi bo‘yicha ikki davlat o‘rtasida allaqachon muzokaralar bo‘lib o‘tdi va ijobiy natijalarga erishish uchun asoslar mavjud», — dedi Hasan.

Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston yosh aholiga ega mamlakat bo‘lib, «hukumat ishchi kuchi yetishmaydigan davlatlarga malakali va professional kadrlarni yo‘naltirish uchun sa’y-harakat qilmoqda».

2025 yilda elchi Qobul Rossiya hukumati bilan Afg‘onistondan mehnat migrantlarini qishloq xo‘jaligida ishlash uchun jalb etish masalasini muhokama qilayotganini aytgan edi. O‘shanda Hasan aniq kelishuvlar hali yo‘qligini, biroq afg‘on ishchilari faqat qishloq xo‘jaligidagina emas, boshqa sohalarda ham ishlashiga umid bildirganini ta’kidlagan.

2024 yil dekabr oyida Rossiya hukumati mamlakatda 1,5 million yuqori malakali kadrlar yetishmasligini ma’lum qilgan. Gap asosan qurilish, transport sohalari hamda uy-joy kommunal xo‘jaligi haqida ketgan. Mehnat vazirligi 2030 yilga kelib kadrlar tanqisligi 3,1 million kishiga yetishini prognoz qilgan. Shuningdek, vazirlik 2025 yilda malakali xorijiy ishchilarni jalb etish kvotasini 1,5 barobarga oshirib, 234,9 ming kishiga yetkazishni taklif etgan.

2025 yil noyabr oyida «The Economic Times» Moskva va Nyu Dehli Rossiyada ishlaydigan hindistonlik ishchilar sonini oshirish va ularning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida xabar bergan. Shuningdek, 2025 yil iyul oyida Ural savdo-sanoat palatasi rahbari Andrey Besedin bu yil Rossiyaga malakali kadrlar yetishmasligi sababli Hindistondan 1 million migrant kelishi rejalashtirilganini aytgan, ammo Mehnat vazirligi bu ma’lumotni rad etgan.

O‘tgan oyda e’lon qilingan statistika ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Rossiya hukumati Hindiston va Bangladesh fuqarolariga oxirgi to‘qqiz yil ichidagi eng ko‘p ishlash ruxsatnomalarini bergan. Rossiyada mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun 56,5 ming nafar Hindiston fuqarosi taklif etilgan, bu oldingi yildagi 36,2 mingga nisbatan ancha ko‘p. Bangladeshdan esa 2025 yilda 9,3 ming kishi ishlash uchun Rossiyaga borgan bo‘lib, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 2,8 mingni tashkil etgan edi. Har ikki ko‘rsatkich ham kamida 2017 yildan beri rekord darajaga yetdi.

Teglar

Mavzuga oid