
Rossiyada haydovchisiz traktor ishlab chiqarildi
14.10.2025 | 13:3014252
Rossiya muhandislari haydovchisiz boshqariladigan yangi avtonomatik traktor modelini yaratdi. Bu haqda mamlakat Transport vazirligi o‘zining rasmiy Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Traktorlar haydovchining yuklamasini kamaytiradi — operator yo‘lni kuzatish o‘rniga planshet orqali kerakli harakat parametrlarini kiritib, texnikaning ish faoliyatini nazorat qiladi.
Loyiha mualliflariga ko‘ra, bunday traktorlar hosil yig‘imida donning 30–40 foizini tashkil etuvchi yo‘qotishlarni oldini olishga yordam beradi. Bu ishlab chiqarish samaradorligini oshirib, resurslar tejamkorligini ta’minlaydi.
Yangi avtonomatik traktor allaqachon sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan. Rossiya Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, haydovchisiz boshqariluvchi bu texnika har yili 10–15 mingta chet elda ishlab chiqarilgan traktorlarning o‘rnini bosishi mumkin.
Shuningdek, vazirlik 2027 yilga borib haydovchisiz avtomobillarni umumiy foydalanishdagi yo‘llarga chiqarishni rejalashtirayotganini bildirdi. Hozircha haydovchisiz yuk mashinalari sinovdan o‘tkazilgan, ammo «texnologiyalarni takomillashtirish va me’yoriy hujjatlarni muvofiqlashtirish kerakligi» ta’kidlanmoqda.
2028 yilgacha amal qiladigan maxsus «yo‘l xaritasi» loyihasi avtonom transport vositalaridan xavfsiz foydalanishni ta’minlovchi yagona qoidalar va infratuzilmani yaratishni ko‘zda tutadi.





