Sankt-Peterburg gubernatori Xayrullo Ibodullayevni ko‘krak nishoni bilan taqdirladi
Yettinchi qavatdan qulagan bolani ushlab qolgan Xayrullo Ibodullayev gubernator tomonidan «Qutqarishdagi jasorat uchun» ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi.

Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov 7-qavatdan qulagan bolani qutqargan o‘zbekistonlik Xayrullo Ibodullayevni «Qutqarishdagi jasorat uchun» ko‘krak nishoni bilan taqdirladi. Bu haqda shahar ma’muriyati matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, taqdirlash marosimi 24-fevral kuni bo‘lib o‘tgan. Gubernator qahramonga bolani qutqarish chog‘ida ko‘rsatgan jasorati va fidoyiligi uchun ko‘krak nishoni hamda esdalik soati topshirgan.
Marosimda Aleksandr Beglov Ibodullayevning harakatini «haqiqiy mardona qadam» deya baholadi. Uning ta’kidlashicha, o‘zbekistonlik fuqaro o‘z hayotini xavf ostiga qo‘ygan holda yetti yoshli bolaning umrini saqlab qolgan.
«Sizning bu ishingiz uchun minnatdorchilik bildiraman — bu haqiqiy mardona qadam. Siz o‘zingiz haqingizda o‘ylamadingiz. O‘zingiz jarohat oldingiz, ammo yetti yoshli bolaning hayotini saqlab qoldingiz. Butun shahrimiz sizga katta rahmat aytadi. Bunday ezgulik hech qachon unutilmaydi. Oilangiz siz bilan faxrlanishi mumkin», — degan gubernator marosimda.
Beglov ushbu uchrashuv haqida o‘zining Telegram sahifasida ham ma’lum qilgan.
«Qahramonlar turlicha bo‘ladi. Ba’zan ular qutqaruvchilar formasida, shifokorlar xalatida, ba’zan esa ishchi kiyimida bo‘ladi. Bugun Xayrullo Ibodullayev bilan uchrashdim. Uning jasorati haqida butun shahar biladi. U ish vaqtida o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, oynadan qulagan 7 yoshli bolani ushlab qolgan. Jarohat olganiga qaramay, bolani qo‘yib yubormadi. Xayrullo klining kompaniyasida ishlaydi, o‘zi to‘rt farzandning otasi. Unga befarq bo‘lmagani, yordamga tayyorligi va insoniyligi uchun «Qutqarishdagi jasorat uchun» ko‘krak nishonini topshirdim», — deb yozdi u.
Avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zbek xalqiga xos yuksak jasorat, qahramonlik va fidoyilik fazilatlarini yaqqol namoyon etgani uchun Ibadullayev Xayrullo Saydullayevichni «Jasorat» medali bilan mukofotlagan edi. Shuningdek, Margarita Simonyan tomonidan Tigran Keosayan nomidagi bir million rubllik mukofotga sazovor bo‘lgan.





