Logo

Tadbirkorlarning 42 foizi qarz majburiyatlari oshganini bildirdi – Biznes kayfiyati sharhi

Bugun 09:282 daqiqa

Korxonalarning ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirishi uchun kredit va ishchi kuchiga ehtiyoj ortmoqda. Xususan, Markaziy bank so‘rovnomasida ishtirok etgan tadbirkorlarning 42 foizi qarz majburiyatlari oshganini, 48 foizi esa ishchi kuchiga talab kuchayganini bildirgan. Kelgusida biznes sharoitlari yaxshilanishiga ishonayotganlar ulushi esa bir yil ichida 66 foizdan 82 foizga ko‘tarilgan.

Tadbirkorlarning 42 foizi qarz majburiyatlari oshganini bildirdi – Biznes kayfiyati sharhi © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonda tadbirkorlarning kreditga ehtiyoji ortmoqda. So‘nggi uch oyda biznes subyektlarining 42 foizi qarz majburiyatlari oshganini bildirgan, 45 foizi esa kelgusida qarzlari yanada ko‘payishini kutmoqda. Bu haqda Markaziy bankning 2026-yil II chorak yakunlari bo‘yicha Biznes kayfiyati sharhida keltirilgan.

So‘rov natijalariga ko‘ra, tadbirkorlarning kredit resurslariga ehtiyoji ayniqsa qurilish, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, turizm va umumiy ovqatlanish sohalarida yuqori bo‘lmoqda.

Kelgusi chorakda Navoiy, Qashqadaryo, Andijon va Jizzax viloyatlarida kredit resurslariga talab sezilarli oshishi kutilmoqda. Aksincha, Farg‘ona, Toshkent va Buxoro viloyatlarida kreditga ehtiyoj pasayishi yoki o‘zgarishsiz qolishi prognoz qilingan.

Biznes muhiti yaxshilangan

Shu bilan birga, tadbirkorlik muhitiga ijobiy baho berayotgan biznes subyektlari ulushi ham oshgan. 2026-yil II chorak yakunlari bo‘yicha so‘rovda qatnashgan tadbirkorlarning 64 foizi biznes sharoitlari yaxshilanganini bildirgan. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 61 foizni tashkil etgan.

Tadbirkorlar ijobiy o‘zgarishlarni, avvalo, bank xizmatlari sifati va raqobat muhitining yaxshilangani, litsenziya olish jarayonlarining soddalashgani hamda yo‘l infratuzilmasidagi o‘zgarishlar bilan izohlagan.

Shu bilan birga, monopollashuv darajasi, ma’muriy aralashuvlar, energiya ta’minoti va bojxona tariflari bo‘yicha sezilarli o‘zgarish kuzatilmagan.

Buyurtmalar va ishlab chiqarish faolligi oshgan

II chorakda buyurtmalari ko‘payganini bildirgan tadbirkorlar ulushi 56 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich Samarqand, Qashqadaryo, Jizzax, Navoiy va Xorazm viloyatlarida yuqoriroq bo‘lgan.

Ijobiy dinamikaga asosan qurilish, turizm, umumiy ovqatlanish, hunarmandchilik va ishlab chiqarish sohalari hissa qo‘shgan.

Yuqori quvvatlarda ishlayotgan korxonalar ulushi ham bir yil ichida 50 foizdan 58 foizgacha oshgan. Farg‘ona, Namangan, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahrida bu ko‘rsatkich yuqori bo‘lgan.

Biroq energiya ta’minotidagi uzilishlar, ichki talabning yetarli emasligi, avtomobil yoqilg‘isi narxining oshishi va yetkazib berishdagi uzilishlar korxonalarning to‘liq quvvatda ishlashiga to‘sqinlik qilayotgan asosiy omillar sifatida qayd etilgan.

Ishchi kuchiga talab oshmoqda

II chorakda tadbirkorlarning 48 foizi ishchi kuchiga talab oshganini bildirgan.

Kelgusi choraklarda Xorazm, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida qo‘shimcha ishchi kuchiga talab yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Ishlab chiqarish, qurilish, turizm va moliya sohalarida ham yangi xodimlarga ehtiyoj boshqa tarmoqlarga nisbatan yuqoriroq bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Tadbirkorlarning iqtisodiyotga ishonchi oshgan

2026-yil II choragida so‘rovda qatnashgan biznes subyektlarining 82 foizi kelgusida makroiqtisodiy sharoitlar yaxshilanishini kutayotganini bildirgan. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 66 foiz edi.

Shunday qilib, tadbirkorlarning biznes muhitiga va mamlakat iqtisodiyotiga ishonchi oshayotgan bir paytda, kredit va qarz mablag‘lariga ehtiyoj ham yuqori darajada qolmoqda. Energiya ta’minoti, ichki talab, yoqilg‘i narxlari va logistika bilan bog‘liq muammolar esa biznes faolligiga ta’sir qilayotgan asosiy omillar qatorida qolmoqda.

Teglar

Mavzuga oid