Logo

To‘qayev 2029-yilgi saylovlar haqida gapirishga hali ertaligini aytdi

Bugun 17:462 daqiqa

Qozog‘istoning prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 2029-yilgi prezidentlik saylovlarida qatnashish-qatnashmasligi haqidagi qarorini hozircha ochiqlamadi U aniqroq javobni kelasi yil berishi mumkinligini aytdi.

To‘qayev 2029-yilgi saylovlar haqida gapirishga hali ertaligini aytdi © Foto: akorda.kz

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 2029-yilda bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan prezidentlik saylovlarida ishtirok etishi haqidagi muhokamalarga hali erta ekanini aytdi.

«Konstitutsiyaviy sud bunday qaror qabul qildi. Bu, tabiiyki, qonuniy va men qayta saylanish huquqiga qonuniy asosda egaman. Ammo bo‘lajak saylovlar yoki, siz aytganingizdek, saylovga boramanmi, bormaymanmi, qaysi yilda bo‘lishi haqida mulohaza yuritishga hali erta, chunki, yuqorida ta’kidlaganimdek, biz mamlakatimiz oldida turgan juda ko‘p vazifalarni bajarishimiz kerak», — dedi To‘qayev parlament saylovlarida ovoz berganidan so‘ng jurnalistlarning o‘z nomzodini yana ilgari surish niyati bor-yo‘qligi haqidagi savoliga javob berib.

To‘qayev Qurultoyga bo‘lib o‘tgan saylovlarni mamlakat tarixidagi muhim voqea deb atadi. Uning ta’kidlashicha, Qozog‘istonda ilk bor bir palatali Qurultoy saylanmoqda va bu siyosiy islohotlarning yangi bosqichini boshlab beradi.

Unga ko‘ra, yangi Qurultoy mamlakat taraqqiyotiga yangi sur’at berishi kerak. U deputatlar, avvalo, qabul qilinayotgan qonunlar sifati, saylovchilarga berilgan va’dalarning bajarilishi hamda mamlakat rivojiga xizmat qiladigan tashabbuslar uchun mas’ul bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.

Prezidentning ta’kidlashicha, hozir mamlakat oldida hal qilinishi kerak bo‘lgan muhim vazifalar ko‘p. U ijtimoiy obyektlar qurilishini shunday vazifalar qatorida tilga oldi. To‘qayev ularni moliyalashtirish uchun Qozog‘iston Milliy jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanishni taklif qildi.

Prezident, shuningdek, dunyodagi «murakkab» vaziyatga e’tibor qaratib, Qozog‘iston ichki barqarorlikni saqlab qolish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga muvaffaq bo‘lganini qayd etdi.

«Shuning uchun keling, yana uchrashamiz. Ehtimol, keyingi yil sizga aniqroq javob berarman», — dedi Toqayev jurnalistlarga.

Shunday qilib, u 2029 yilgi saylovlarda qatnashish ehtimolini rad etmadi, ammo bu boradagi qarorni keyinroq e’lon qilishini bildirdi.

Ma’lumot uchun, 73 yoshli Qosim-Jo‘mart To‘qayev 2019-yil 20-martda Nursultan Nazarbayev iste’foga chiqqanidan so‘ng Qozog‘iston prezidenti lavozimiga kirishgan.

To‘qayev bir yil avval joriy yetti yillik vakolati tugagach, 2029-yilda lavozimni tark etishini aytgan edi.

«2029-yilda iste’foga chiqishimni allaqachon e’lon qilganman. Chunki bu xalqimning talabi va shaxsiy qarorimdir. Ishonchim komilki, har qanday mamlakatning, xususan, mening mamlakatim prezidenti — Xudoning yerdagi soyasi emas, balki davlat menejeridir», — degandi To‘qayev.

Teglar

Mavzuga oid