add

«Toshkent shahriga 8 milliard dollar investitsiya olib kelyapmiz» — Prezident

10.07.2025 | 20:4038763

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 10 iyul kuni Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi Yangi Kamolon mahallasiga bordi. Mahallada Prezidentga Shayxontohur tumani «Islohotlar shtabi» faoliyati to‘g‘risida axborot berildi.

«Toshkent shahriga 8 milliard dollar investitsiya olib kelyapmiz» — Prezident
«Shayxontohurda hunarmandchilik azaldan bo‘lgan. Bugun ham tumanda odamlarni ish bilan, daromad bilan ta’minlashda bu katta manba. Shuning uchun Shayxontohur misolida xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha yangi chora-tadbirlar rejasini qabul qilamiz», - dedi Shavkat Mirziyoyev. Qayd etilishicha, Yangi Kamolon mahallasida 4600 dan ziyod aholi yashaydi. 60 dan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida mahalla yoshlari ish bilan band. 2025 yilda hunarmandlar maskani, dala mahsulotlari va qandolatchilik do‘konlari, novvoyxona tashkil etilgan, xususiy tibbiyot punkti ochilgan. Natijada mahalla ishsizlikdan xoli hududga aylangan. Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, joriy yilda mahallada bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Sababi aholi xavfsizligini ta’minlash, jinoyatlarning oldini olish maqsadida mahalla inspektori xonasida situatsion markaz tashkil etilgan. Unga ko‘p qavatli uylarning yo‘laklaridagi kuzatuv kameralari va ichki ishlar tizimining xavfsizlik dasturlari bog‘langan. Mahalla ayvonida aholi bilan suhbatlashgan davlat rahbari shunday dedi: «So‘nggi yillarda ko‘p korxonalar ochildi, iqtisodiyot o‘syapti. Shu bilan birga, yoshlarimiz ham yetishib kelyapti. Ularning ta’lim-tarbiyasi, sog‘ligi, ish o‘rinlarini hozirdan o‘ylashimiz kerak. Shuning uchun bu yil Toshkent shahriga 8 milliard dollar investitsiya olib kelyapmiz. Buning hisobidan Shayxontohurda ham yangi-yangi ish joylari, ta’lim maskanlari, infratuzilma inshootlari bo‘ladi», - dedi Prezident.

Teglar

Mavzuga oid

«Toshkent shahriga 8 milliard dollar investitsiya olib kelyapmiz» — Prezident | Vaqt.uz