Toshkentda «City Palace» o‘rnida 41 qavatli mehmonxona qurish taklif qilindi
Yangi majmuada 540 ta xona va kongress markazi bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Amaldagi bosh rejaga ko‘ra, bu hududda yetti qavatgacha bino qurish mumkin
© r-express.ruToshkent markazidagi 17 qavatli «City Palace» mehmonxonasi o‘rnida kongress markaziga ega 41 qavatli yangi majmua qurish rejalashtirilmoqda. Loyiha 23-noyabr kuni bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida muhokama qilindi.
Mehmonxona bosh menejerining aytishicha, kompaniya sayyohlarni qabul qilish va xalqaro tadbirlar o‘tkazishga mo‘ljallangan majmua loyihasini tayyorlagan. Kompaniya binoning necha qavat bo‘lishi mumkinligi yuzasidan Urbanizatsiya qo‘mitasining rasmiy javobini kutmoqda. Menejerning so‘zlariga ko‘ra, bu masala bir oy oldin ham ko‘tarilgan.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov baland bino Amir Temur xiyobonidagi yodgorlikni to‘sib qo‘yishi mumkinligini aytdi. Loyiha vakili esa yangi bino yodgorlikning ko‘rinishiga xalaqit bermasligini bildirdi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayevning ta’kidlashicha, Toshkentda bino necha qavat bo‘lishi mumkinligini shahar bosh rejasi belgilab beradi va bu ko‘rsatkich alohida investorlarning iltimosiga ko‘ra o‘zgartirilmaydi. Uchrashuvda mutasaddi amaldagi bosh rejaga ko‘ra, ushbu hududda yetti qavatgacha bino qurish mumkinligini ma’lum qildi.
Urbanizatsiya qo‘mitasi yangi bino qo‘shni «InterContinental» mehmonxonasidan baland bo‘lmasa, loyihani ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi. Xo‘jayev bu variant bo‘yicha qaror loyiha ko‘rib chiqilgach qabul qilinishini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, Jahongir Ortiqxo‘jayevning AQSHdagi kompaniyasi Toshkentdagi yana oltita mehmonxonani o‘z portfeliga qo‘shishni rejalashtirayotgandi.





