Logo

Toshkentda yuqori quvvatda ishlayotgan korxonalar ulushi 43 foizdan 61 foizga oshdi

Kecha 16:552 daqiqa

Toshkent shahri va viloyatida tadbirkorlarning 53 foizi biznes sharoitlari yaxshilanganini bildirgan. Shu bilan birga, yuqori quvvatda ishlayotgan korxonalar ulushi bir yilda 43 foizdan 61 foizga yetgan.

Toshkentda yuqori quvvatda ishlayotgan korxonalar ulushi 43 foizdan 61 foizga oshdi

Toshkent shahri va viloyatida biznes faolligi sezilarli oshgan. 2026 yil II choragida yuqori quvvatda ishlayotgan korxonalar ulushi bir yilda 43 foizdan 61 foizga yetgan.

Bu haqda Markaziy bankning 2026 yil II chorak yakunlari bo‘yicha biznes kayfiyati sharhida ma’lum qilindi.

Hududda so‘rovda qatnashgan tadbirkorlarning 53 foizi biznes sharoitlari yaxshilanganini bildirgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan biroz oshgan.

Tadbirkorlar bank xizmatlari sifati, kredit olish imkoniyatlari, raqobat muhiti va litsenziya olish jarayonlarida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilganini qayd etgan.

Biroq soliq ma’murchiligi, yo‘l infratuzilmasi, gaz va elektr ta’minoti hamda monopollashuv darajasida sezilarli o‘zgarish bo‘lmagan. Tadbirkorlar ushbu yo‘nalishlardagi sharoitlarni nisbatan past baholagan.

Buyurtmalar va ishlab chiqarish hajmi oshdi

II chorakda buyurtmalar hajmi oshganini bildirgan tadbirkorlar ulushi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 foiz bandga, ishlab chiqarish hajmi oshganini aytganlar ulushi esa 7 foiz bandga ko‘paygan.

Buyurtmalar asosan qurilish, turizm, hunarmandchilik va savdo sohalarida oshgan.

Biznes faolligining ortishi mehnat bozoriga ham ta’sir qilgan. Qo‘shimcha ishchi kuchiga talab oshganini bildirgan tadbirkorlar ulushi bir yil avvalgiga nisbatan biroz ko‘paygan.

Korxonalarga nima to‘sqinlik qilmoqda?

Yuqori quvvatda ishlamayotgan korxonalar gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlar, talabning yetarli emasligi, avtomobil yoqilg‘isi narxining oshishi hamda logistikadagi uzilishlarni asosiy cheklovlar sifatida qayd etgan.

Shu bilan birga, kredit to‘lovlari oshganini bildirgan tadbirkorlar ulushi o‘tgan yil darajasida qolgan. Qurilish, hunarmandchilik, qishloq xo‘jaligi va moliya sohalarida esa qo‘shimcha kredit resurslariga talab yuqori bo‘lgan.

Tadbirkorlar kelajakka ishonch bilan qaramoqda

Kelgusi chorak uchun biznes kutilmalari ham biroz yaxshilangan. So‘rovda qatnashgan tadbirkorlarning 51 foizi buyurtmalar hajmi oshishini kutmoqda.

Buyurtmalarning asosan qurilish, ishlab chiqarish, hunarmandchilik va qishloq xo‘jaligi sohalarida o‘sishi prognoz qilingan. Bu esa korxonalarning faoliyatini kengaytirish va qo‘shimcha ishchi kuchiga ehtiyojini oshirishi mumkin.

Tadbirkorlarning o‘rta muddatli iqtisodiy kutilmalari ham yaxshilangan. So‘rovda qatnashganlarning 82 foizi kelgusi uch yilda mamlakat iqtisodiyoti va biznes muhiti yaxshilanishiga ishonch bildirgan.

Vaqt.uz avvalroq ayni so‘rovnomada tadbirkorlarning 42 foizi qarz majburiyatlari oshganini bildirgani haqida xabar bergandi.

Teglar

Mavzuga oid