Logo

Ukrainaning 40 kunlik kampaniyasi qanday yakunlandi?

Bugun 21:555 daqiqa

Havo hujumiga qarshi mudofaa raketalari zaxirasi tugab borayotgan bir paytda Kiyev Rossiyaning shafqatsiz javob zarbalariga duch kelmoqda.

Ukrainaning 40 kunlik kampaniyasi qanday yakunlandi? © Foto: Reuters

Ukraina prezidenti Волоdiмир Zelenskiyning Rossiyani urushni tugatishga majbur qilishga qaratilgan 40 kunlik «ta’sir o‘tkazish» kampaniyasi o‘tgan hafta hech qanday shov-shuvsiz yakunlandi. Kampaniya doirasida Moskvani Ukraina shartlariga ko‘nishga majburlash maqsadida uzoq masofaga uchuvchi raketalar yordamida kuchli hujumlar amalga oshirilgan edi. «Al Jazeera» kolumnisti Leonid Ragozinning yozishicha, bu usul ish bermagan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin hamon yon berishga tayyor emas.

Navbatdagi muvaffaqiyatsiz urinishdan so‘ng Kiyev yana o‘sha og‘ir tanlov qarshisida qoldi: yo urushni davom ettirib, halokatli vayronagarchiliklarga yuz tutish, yoki asosan Putinning shartlari asosida tinchlik muzokaralarini olib borish.

Rossiya prezidenti ushbu mojaro boshlanganidan buyon Moskvaning yondashuviga xos bo‘lgan shafqatsiz izchillikni namoyish etmoqda. Ukraina qanchalik uzoq qarshilik ko‘rsatsa, shuncha ko‘p talofat ko‘rmoqda. Rossiyaga sezilarli ziyon yetkazish va vaziyatni keskinlashtirishga qaratilgan har qanday harakat yanada kuchliroq javob zarbasiga sabab bo‘lmoqda.

Zelenskiyning so‘nggi kampaniyasida ham aynan shunday holat kuzatildi. Ukraina raketalari va dronlarining Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga zarba berishi oqibatida Rossiyaning o‘zida jiddiy, Moskva tomonidan bosib olingan Qrimda esa o‘tkir yoqilg‘i inqirozi yuzaga keldi. So‘nggi paytlarda Ukraina kuchlari turdosh bizneslarni va pirovardida bank sektorini izdan chiqarish maqsadida asosiy e’tiborni Rossiyaning «Wildberries» marketpleysi logistika markazlariga qaratgan edi.

Biroq bu hujumlar kutilgan natijani bermadi, ya’ni siyosiy beqarorlik va urushga qarshi namoyishlarni keltirib chiqarmadi. So‘nggi haftalarda Moskva yoqilg‘i inqirozini yumshatishga va muhim infratuzilma obyektlarida havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlarini kuchaytirishga muvaffaq bo‘ldi. «Wildberries» esa o‘z logistika markazlarini Rossiya yetakchilik qiluvchi Bojxona ittifoqiga a’zo bo‘lgan qo‘shni Qozog‘istonga ko‘chirish orqali vaziyatga moslashmoqda.

Ukrainaning «ta’sir o‘tkazish kampaniyasi»ga javoban Rossiya armiyasi mamlakat infratuzilmasiga ayovsiz zarbalar yo‘lladi. Oqibatda Ukrainaning Qora dengiz portlari faoliyati to‘xtab qoldi. Bu esa davlatning asosiy eksport tovarlari hisoblangan g‘alla va ruda savdosi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarga halokatli ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, Rossiya «Epicentr» va «Rozetka» kabi yirik chakana savdo tarmoqlarining logistika markazlarini ham keng ko‘lamda nishonga oldi. Oqibatda ushbu kompaniyalarning siyosiy ta’sirga ega bo‘lgan раҳбарлари o‘z biznesidan deyarli butunlay ayrildi. Rossiya harbiylari Ukrainadagi yoqilg‘i quyish shoxobchalari va hatto yoqilg‘i tashuvchi mashinalargacha zarba bermoqda.

Ayni paytda, mamlakat sharqida — Donetsk viloyatining shimolida joylashgan Slavyansk-Kramatorsk aglomeratsiyasiga qaratilgan hujumlar ham davom etmoqda. Bundan tashqari, Rossiya armiyasi shimoldagi chegara bo‘ylab Ukraina hududining bir qismini egallab olib, o‘zi «xavfsizlik kamari» deb ataydigan mintaqani barpo etmoqda.

Iyul oyida bo‘lib o‘tgan NATOning Anqara sammiti arafasida Ukraina tomonidan amalga oshirilgan keskinlashuv harakatlari hamda vaziyat o‘nglanayotgani haqidagi turli media kampaniyalar AQSH prezidenti Donald Trampning Ukrainaga nisbatan fikrini o‘zgartirishga qaratilgan edi. Anqarada bu go‘yoki ish bergandek tuyuldi.

Biroq Trampning keyingi bayonotlaridan ayon bo‘ldiki, u o‘z fikridan qaytmagan. U hatto Ukrainaga «Patriot» raketalarini ishlab chiqarish litsenziyasini berish haqidagi va’dasidan ham voz kechdi. Rossiyaga qarshi qaratilgan «shafqatsiz sanksiyalar» to‘g‘risidagi qonun loyihasi AQSH Senati tomonidan ma’qullangan bo‘lsa-da, uning Vakillar palatasidagi taqdiri noma’lumligicha qolmoqda. Qolaversa, mazkur hujjat qonun kuchiga kirgan taqdirda ham, urushning borishini Ukraina foydasiga o‘zgartira olishiga hech qanday kafolat yo‘q.

Ayni paytda esa Ukraina mudofaa chizig‘ini ushlab turishda qiynalmoqda. Trampning Eron bilan olib borayotgan urushi Kiyevni «Patriot» havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari uchun zarur bo‘lgan raketalardan deyarli mahrum qildi. Oqibatda Rossiyaning Kiyev va boshqa shaharlarga yo‘llagan so‘nggi zarbalari chog‘ida deyarli har bir raketa o‘z nishoniga aniq borib tegdi.

Bu shuni anglatadiki, Ukrainani 2022 yilda Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon eng og‘ir qish kutmoqda. Ukraina rasmiylari Rossiya faqat energiya infratuzilmasini vayron qilish bilan cheklanmay, kanalizatsiya va suv ta’minoti tizimlarini ham nishonga olishidan xavotirda. Bu esa mamlakat shaharlarini yashash uchun butunlay yaroqsiz holatga keltirib qo‘yishi xavfini yaratadi.

Oldinda shunday halokatli manzara kutayotgan bir paytda, muzokaralar stolida og‘riqli murosaga borish — Ukraina uchun milliy falokatning oldini olishdagi yagona yo‘l bo‘lib ko‘rinmoqda. Garchi keskin va qat’iy bayonotlar bersa-da, Zelenskiyning o‘zi ham aynan shu yo‘ldan borayotgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

40 kunlik kampaniya qizg‘in pallaga kirgan bir vaqtda u hukumatda o‘zgarishlar qilib, Mudofaa vaziri Mixail Fyodorovni lavozimidan ozod etdi. Aynan Fyodorov Rossiya ichkarisiga o‘rta va uzoq masofali zarbalar yo‘llash amaliyotiga boshchilik qilib kelayotgan edi. Keyinchalik Ukraina rahbari G‘arbdagi yaqin ittifoqchilar va ularning Ukrainadagi vakillarining vazirni o‘z o‘rniga qaytarish bo‘yicha qilgan bosimlariga qarshi tura oldi. Ular hatto bu qarorga qarshi butun mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlarini uyushtirishga ham urinib ko‘rdi.

Jamoatchilik e’tiboridan chetroqda qolgan yana bir muhim voqea — Zelenskiyning Yevropa integratsiyasi bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari Taras Kachkani ham ishdan olgani bo‘ldi. Ishdan olinishidan bir necha oy avval Kachka Yevropa Ittifoqining kengayish masalalari bo‘yicha komissari Marta Kos bilan birgalikda Ukrainada korrupsiyaga qarshi kurashish va qonun ustuvorligini mustahkamlashga qaratilgan 10 banddan iborat islohotlar rejasini ishlab chiqqan edi.

Ushbu rejadagi ayrim bandlar prezidentning huquq-tartibot idoralari ustidan, xususan, korrupsiyaga qarshi tergov jarayonlarini nazorat qilish borasidagi vakolatlarini jiddiy ravishda cheklab qo‘yardi. Zelenskiy nazorati ostidagi Ukraina parlamenti esa mazkur qonunlarni qabul qilishni paysalga solib kelmoqda. Buning sababi oddiy — bu hujjatlar prezidentning o‘ziga ham xavf tug‘dirishi mumkin. Chunki o‘tgan kuzdan buyon uning eng yaqin safdoshlari korrupsiyaga qarshi keng ko‘lamli tekshiruvlar markazida qolmoqda.

Urush davom etayotgan bir paytda, Ukrainani asosiy moliyaviy mablag‘lar bilan ta’minlab kelayotgan Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarning sovushiga yo‘l qo‘yish — o‘ta bahsli qadamdir. Biroq, agar Zelenskiy Putin bilan tinchlik bitimi tuzishga qaror qilgudek bo‘lsa, kelishuvning nomaqbul shartlariga nisbatan jamiyatda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan xavfli e’tirozlarning oldini olish kerak bo‘ladi. Buning uchun esa u impichment xavfini yo‘qqa chiqarishi va Rossiya uslubidagi xavfsizlik vertikalini saqlab qolishi talab etiladi.

Fyodorovning lavozimidan ketishiga jamiyat tomonidan nisbatan zaif munosabat bildirilgani Zelenskiyga qo‘shimcha ishonch bag‘ishlagan bo‘lsa ajab emas. Chunki G‘arb ommaviy axborot vositalarining erkatoyi hisoblangan bu mulozim uchun isyon ko‘tarishga ishtiyoqmand ukrainlar unchalik ko‘p topilmadi.

Shunga qaramay, Rossiyani strategik jihatdan mag‘lubiyatga uchrata olmagani sababli butun xalq oldida asosiy aybdorga aylanib qolish xavfi Zelenskiy uchun hamon yuqoriligicha qolmoqda. Urushni to‘xtatish Ukraina rahbari uchun tom ma’noda hayot-mamot masalasiga aylanishi mumkin, ammo mojaroni yana bir-ikki yil davom ettirish bundan yaxshiroq natija bermaydi.

 

Teglar

Mavzuga oid