Urganch xalqaro aeroportining yo‘lovchi qabul qilish quvvati 4 barobarga oshiriladi
Aeroportni kengaytirish va modernizatsiya qilish uchun jami 264 mln dollar miqdorida investitsiya mablag‘lari yo‘naltirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazm xalqaro aeroportida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya loyihasi bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, aeroportni kengaytirish va modernizatsiya qilish uchun 264 mln dollar investitsiya yo‘naltirilmoqda. Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan bo‘lib, xususiy sherik sifatida Janubiy Koreyaning «Incheon International Airport Corporation» kompaniyasi jalb qilingan.
Aeroport quvvati oshiriladi
Rekonstruksiya natijasida aeroport «Boeing 747» va «Airbus A350» kabi keng fyuzelyajli samolyotlarni qabul qila oladi. Bu Xorazmga dunyoning turli mintaqalaridan tranzitsiz uzoq masofali parvozlarni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.
Loyihaning birinchi bosqichida 18 ta samolyot turargohi va yangi burilish yo‘lagi quriladi. Shuningdek, zamonaviy chegara nazorati va viza bo‘limlari, biznes-zal, savdo va ovqatlanish shoxobchalari hamda 24 soat ishlaydigan tibbiyot punkti tashkil etiladi.
Aeroportda xalqaro brendlar joylashtiriladigan «Duty Free» zonasi ham barpo etiladi. Bundan tashqari, rasmiy delegatsiyalarga xizmat ko‘rsatish uchun alohida terminal qurilmoqda.
Xivaga yangi imkoniyatlar
Prezident aeroport infratuzilmasini rivojlantirish Xiva va Urganchning xalqaro tadbirlar o‘tkaziladigan markaz sifatidagi mavqeini mustahkamlashini ta’kidladi. Xorijiy delegatsiyalar uchun qulaylik va xavfsizlikni ta’minlash mamlakatning xalqaro nufuzi uchun ham muhim ekani qayd etildi.
Loyiha to‘liq yakunlangach, Urganch aeroportining yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish quvvati soatiga 300 nafardan 1 300 nafargacha oshadi. Bu aeroportning hozirgi imkoniyatini qariyb 4,3 barobar kengaytiradi.
Ma’lumot uchun, Urganch aeroporti 1960-yilda ishga tushirilgan, 1992-yilda xalqaro maqom olgan. Maydoni 285 gektardan ortiq bo‘lgan majmua orqali hozir o‘nga yaqin aviakompaniya muntazam qatnovlarni amalga oshirmoqda. Joriy yilda aeroport 126 mlrd so‘mlik xizmat ko‘rsatgan. Bu 2025 yilning mos davriga nisbatan 31 foiz ko‘p.





